O‘zbekiston Markaziy banki 2020−2g‘21 yillarda muomaladagi naqd pullarning qisqacha sharhini taqdim etdi.

Mbning aniqlik kiritishicha, pul-kredit siyosatida naqd pullar aylanmasi va muomalaga chiqarilgan naqd pullar soni farq qiladi.

Sharhda qayd etilishicha, 2021 yil yanvar-aprel oylarida banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 149,3 trln. so‘mni tashkil etgani holda, 2020 yilning mos davriga nisbatan 41,6 foizga oshdi.

Jumladan, banklar kassalariga naqd pul tushumlari 75,4 trln. so‘mni, o‘z navbatida, chiqim qilingan naqd pullar 73,9 trln. so‘mni tashkil etdi.

«Bank kassalari orqali naqd pul aylanmasining ko‘payishi pul muomalasining bir qismi sifatida muomaladagi naqd pul miqdorining ko‘payganini anglatmaydi. Bu birinchi navbatda bank tizimi orqali pul aylanmasining ko‘payishi bilan bog‘liq bo‘lib, bu banklarning naqd pul operatsiyalardagi rolining oshishi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin», — deyiladi Markaziy bank xabarida.

MB ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda pul massasi tuzilmasida naqd pul hajmi 23,2 foizdan 28,4 foiz atrofidagi tashkil etgan. 2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, muomaladagi umumiy naqd pul hajmi674 mlrd so‘mga oshib, 24,9 trln so‘mni (umumiy pul massasining 23,2 foizi va YAIMning 4 foizi) tashkil etdi.

Avgust oyida 30,9 trln so‘mlik cho‘qqisiga chiqqanidan so‘ng (fevral-avgustda 4,7 trln so‘mga oshdi), muomaladagi naqd pul hajmi yil oxiriga kelib o‘zining uzoq muddatli darajasiga tushdi.

«Naqd pullarning vaqtinchalik ko‘payishi, birinchi navbatda, pandemiya munosabati bilan mamlakatda joriy qilingan cheklov choralari bilan bog‘liq edi, shundan so‘ng jismoniy shaxslar o‘zlarining dastlabki ehtiyojlarini qondirish uchun o‘z mablag‘larini bank kartalaridan faol ravishda olib chiqa boshladilar», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Mbning ta’kidlashicha, bank plastik kartalaridan pul mablag‘larini yechib olish hech qanday tarzda pul muomalasining umumiy hajmiga ta’sir qilmaydi, chunki pul muomalasi depozitlar va muomaladagi naqd pullardan iborat. Bank kartalaridan pul yechib olinganda faqat pul massasining tuzilishi o‘zgaradi, ya’ni muomalaga chiqarilgan naqd pul miqdori ko‘payadi, aksincha depozitlar hajmi kamayadi.

Joriy yildan boshlab muomaladagi naqd pullar hajmida kamayish kuzatilmoqda. 2021 yil 1 may holatiga ko‘ra, muomaladagi naqd pul hajmi 23,5 trln so‘mni yoki umumiy pul massasining 22 foizini tashkil etdi. Shu bilan birga, to‘rt oy ichida milliy valyutadagi depozitlar hajmi 44 trlndan 48 trln so‘mgacha oshdi.

Odatda, muomaladagi naqd pul miqdori iqtisodiyot o‘sishi bilan o‘sib boradi, chunki u iqtisodiyotdagi operatsiyalar hajmining o‘sishiga xizmat qilishi kerak, dedi Markaziy bank.

«Shu bilan birga, bank xizmatlari, shu jumladan naqd pulsiz hisob-kitoblar va tezkor to‘lov texnologiyalarining rivojlanishi va tarqalishi bilan, shuningdek, yashirin iqtisodiyotni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida uzoq muddatli istiqbolda muomaladagi naqd pulning kamayishi kutilmoqda», — deyiladi sharhda.