21 may kuni birinchi sovet vodorod bombasi yaratuvchisi, keyinchalik eng taniqli sovet dissidenti, tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori va «Memorial» inson huquqlari jamiyatining birinchi raisi akademik Andrey Saxarov tavalludining 100 yilligi nishonlandi.

«Andrey Saxarov Sovet vodorod bombasi konstruktori, hokimiyat tepasidagilar esa hech narsa haqida harbiy kuch kabi qayg‘urmaydi. Boshqa tomondan esa, xuddi o‘sha odam mamlakatlar o‘rtasidagi bo‘linishni yengib chiqishga da’vat etgan, inson huquqlarini odamlarni birlashtirish uchun yagona asos deb targ‘ib qilgan», — deydi Saxarov markazi direktori Sergey Lukashevskiy.

Sovet rejimi bilan ochiq qarama-qarshilikka kirishganida barcha davlat mukofotlaridan mahrum bo‘lgan akademik, mardonavor va doimiy ravishda repressiv kommunistik tizimga qarshi chiqqan hamda siyosiy mahbuslarni qo‘llab-quvvatlagan Sovet dissidenti Andrey Saxarov haqida ba’zi ma’lumotlarni taqdim etamiz.

Dissident (lot. dissidens «norozi»), g‘ayrifikr — umumiy qabul qilingan qarashlarga zid bo‘lganlarini qo‘llab-quvvatlaydigan kishi. Ko‘pincha, ushbu shaxsiy e’tiqodlarning mavjud bo‘lgan ta’limot bilan to‘qnashuvi kishining hokimiyat tomonidan ta’qib, surgun yoki repressiya qilinishigacha olib kelishi mumkin.

32 yoshli akademik

Foto: Andrey Saxarov / biblioatom.ru

Andrey Dmitriyevich Saxarov 1921 yil 21 may kuni Moskvada tug‘ilgan. Sovet fizik-nazariyachisi, SSSR Fanlar akademiyasining akademigi, birinchi sovet vodorod bombasi ixtirochilaridan biri.

1948 yilda u maxsus guruhga qo‘shilib, 1968 yilgacha termoyadroviy qurollarni ishlab chiqarishda ishlagan, «Saxarov qatlami» deb nomlangan sxema bo‘yicha birinchi sovet vodorod bombasini yaratilishida va ishlab chiqilishida qatnashgan.

32 yoshida, u Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi va SSSR Fanlar akademiyasi tarixida akademik sifatida saylangan paytda (S.L.Sobolevdan keyin) ikkinchi eng yosh akademik bo‘ldi.

1955 yilda «takomillashtirilgan» vodorod bombasi sinovdan o‘tkazilganda, Saxarov yadro sinovlarining gumanitar oqibatlari haqida o‘ylashni boshladi.

«Men uchun asosiy narsa bu ish kerakligiga ichki ishonch edi. Dahshatli buzg‘unchi kuch, ishlab chiqish uchun zarur bo‘lgan ulkan sa’y-harakatlar, urush natijasida vayron bo‘lgan qashshoq va och mamlakatdan olingan mablag‘lar, xavfli sanoat va majburiy mehnat lagerlaridagi insonlar qurbonligi — bularning barchasi fojia tuyg‘usini emotsional jihatdan kuchaytirdi. Hamma qurbonliklar behuda bo‘lib qolmasligi uchun o‘ylashga va ishlashga majbur qilar edi. Mening eng katta orzuyim — termoyadroviy qurol urushni ushlab turishi, ammo hech qachon qo‘llanilmasligida», — degan edi Andrey Saxarov.

Foto: g2.dcdn.lt

Andrey Saxarov 1958 yilda termoyadroviy bomba portlashlarining radioaktiv oqibatlari to‘g‘risida maqola chop etdi va unda yadro sinovlarini to‘xtatishga chaqirdi. «Odamning hayot davomiyligi o‘rtacha 20 ming kun bo‘lishini hisobga olsak, global nurlanishning har biri rentgeni hayot davomiyligini bir haftaga qisqartiradi», — deya xulosa bergandi u keyinchalik. SSSR hukumati sinovlarni shundoq ham to‘xtatmoqchi edi, lekin bu borada G‘arb bilan muzokaralar deyarli ilgarilamayotgan edi. Shunda Xruyov sinovlarni qayta boshlashga qaror qildi va Saxarov «boshqalarning ishiga aralashish»da ayblandi.

Hukumatga qarshi fikr va uning oqibatlari

1960 yillarning oxiridan boshlab Andrey Saxarov SSSRdagi inson huquqlari himoyasi bo‘yicha harakatning rahbarlaridan biri edi. U psixiatrik shifoxonalarda majburiy davolanish hamda «e’tiqod va axborot faoliyati uchun ko‘proq ommaviy ta’qib qilish» imkoniyatini beruvchi yangi qonunga qarshi chiqdi. Shu bilan birga Baykal ko‘li qo‘mitasi tarkibida Saxarov ko‘l qirg‘og‘ida sanoat faoliyatini taqiqlash uchun kurashib kelgan edi.

Akademik o‘zining siyosiy g‘oyalarini 1968 yil «Taraqqiyot, o‘zaro tinchlikda yashash va intellektual erkinlik to‘g‘risida mulohazalar» maqolasida bayon qilgan. U 1960 yillardan boshlab KGB nazorati ostiga tushadi. Tintuvlarga, matbuotda ko‘plab haqoratlarga duchor bo‘lgan.

Maqolani dastlab Sovet gazetasida nashr etmoqchi bo‘lganida matn senzuradan o‘ta olmagan. Keyin Saxarov uni «samizdat»ga yuborishga qaror qilgan. Maqola ko‘plab mamlakatlarda nashr etilgan va «Radio Svoboda» efirida uzatilgan. Broshyura «The New York Times» da nashr etilgandan so‘ng, Andrey Saxarovni Arzamas-16 maxfiy ob’ektidagi yadro bilan bog‘liq ishlardan chetlatishgan.

Foto: biblioatom.ru

Broshyura Saxarovning Kubada raketa inqirozi haqidagi mulohazalari fonida yozilgan. O‘shanda u o‘zi ixtiro qilgan qurol uchun javobgarligini anglab yetib, dunyo yangi urush arafasida bo‘lishidan qo‘rqqan.

1970−1980 yillarda Saxarovga qarshi kampaniyalar amalga oshirilishi boshlandi. «Pravda» gazetasida SSSR Fanlar akademiyasi a’zolarining Andrey Saxarov faoliyatini qoralagan maktub («40 akademikning xati») e’lon qilindi. Undan so‘ng esa Saxarov va Soljenitsinni qoralagan «Yozuvchilar xati» chop etildi.

Broshyuraning chiqarilishi bilan bir vaqtda Saxarov Chexoslovakiyaga qo‘shin kiritilganini va «stalinist terror»ni qoralagan hamda SSSR va AQSHni muloqotga chaqirgan maqolalarni e’lon qila boshlagan. 1970 yilda u «SSSRdagi inson huquqlari qo‘mitasi»ning birinchi xalqaro dissident tashkiloti uchta asoschilaridan biriga aylangan.

1974 yilda Saxarov matbuot konferensiyasini chaqirdi va unda SSSRdagi siyosiy mahbuslar kuni o‘tkazilganini ma’lum qildi. 1975 yil «Mamlakat va dunyo to‘g‘risida» kitobini yozdi. Xuddi shu yili Saxarov Tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Andrey Saxarovning turmush o‘rtog‘i Yelena Bonner uning o‘rniga Tinchlik uchun Nobel mukofotini qabul qilganda so‘zlagan nutqi, 1975 yil. Video: Saxarovskiy sentr.

1977 yil sentyabrda u o‘lim jazosi muammosi bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaga xat bilan murojaat qilib, unda SSSRda va butun dunyoda ushbu oliy jazo bekor qilinishi kerakligi yoqlab chiqadi.

Andrey Saxarov «Lujniki» dagi mitingda

1979 yil dekabrda va 1980 yil yanvarida u G‘arb gazetalari tahririyatlarida e’lon qilingan maqolalarda Sovet qo‘shinlarining Afg‘onistonga kiritilishiga qarshi bir qator bayonotlar bilan chiqqan.

1980 yilda Saxarov chet elliklar uchun yopiq bo‘lgan Gorkiy shahriga (hozirda Nijniy Novgorod) deportatsiya qilindi. Akademik hukumat mukofotlari va sovrinlaridan butunlay mahrum qilindi. Biroq Gorkiy shahridagi izolyatsiyada Saxarov ishlashda davom etgan. 3 marotaba ochlik e’lon qilgan. Deyarli yetti yil davom etgan surgundan so‘ng, 1986 yil dekabrida, «qayta qurilish» davri boshlangan paytda akademik surgundan qaytariladi. Dekabr oyining o‘rtalarida uning xonasiga maxsus telefon o‘rnatishadi. Ertasiga Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasining bosh kotibi Mixail Gorbachyov ushbu telefon bo‘yicha qo‘ng‘iroq qilib: «Andrey Dmitriyevich, qaytib keling» deya Saxarovni deputatlar kongressiga chaqiradi.

Curgun davrida KGB xodimlari Saxarov 1978 yilda yozishni boshlagan «Xotiralar» nomli qo‘lyozmasini o‘g‘irlashgan. Saxarov ikki marotaba u kitobni o‘z xotirasidan tiklagan.

Sotsiologlarning ta’kidlashicha, aynan Saxarovning surgun qilinishi va uning shaxsini qoralashga qaratilgan sovet targ‘iboti uning nomini SSSRda haqiqatan ham mashhur qilgan hamda uni demokratik kurash ramziga aylantirgan.

«SK KPSS tomonidan tushiriladigan ko‘rsatmalar Soyuzning barcha tahririyatlariga yetib borar edi. Yovuz ta’qib, akademikning nomini bulg‘ash va tuhmat, uni boshqalardan ajratib, alohida maqomga ega bo‘lishiga yordam bergan», — deyiladi Lev Gudkov va Aleksey Levinsonlarning 2011 yildagi sotsiologik tadqiqotida.


Andrey Saxarov SSSR Xalq deputatlari birinchi s’ezdida nutq so‘zlamoqda.

1989 yil 9 iyun kuni Andrey Saxarov SSSR Xalq deputatlari birinchi s’ezdida nutq so‘zlab, o‘zining mashhur «Hokimiyat haqidagi dekreti»ni e’lon qiladi.

«Amaldagi Konstitutsiyaga ko‘ra SSSR Oliy Kengashi Raisi hech narsa bilan chegaralanmagan mutlaq (absolyut — tahr.) shaxsiy hokimiyatga ega. Bunday hokimiyatning bir kishining qo‘lida to‘planishi juda xavfli, garchi bu inson qayta qurilish tashabbuskori bo‘lsa ham. O‘z o‘rnida, men Mixail Sergeyevich Gorbachevga hurmatim cheksiz, lekin bu shaxsi masala emas, bu siyosiy masala. Bir kun kelib bu boshqa odam bo‘ladi», — deydi u nutqida.

Sergey Lukashevskiy Saxarovning Deputatlar yig‘ilishidagi nutqini «solih kishining hokimiyat oldidagi nutqi» deb ataydi. Kongressda Saxarov birinchi navbatda hokimiyatning legitimligini ta’minlash uchun hokimiyat to‘g‘risida farmon qabul qilishni taklif qiladi, ammo akademik qo‘llab-quvvatlanmaydi. Saxarov chiqishga ajratilgan vaqt qoidalarini buzganligi sababli uning mikrofoni o‘chirib qo‘yiladi. Biroq u zaldagi kulishlar hamrohligida o‘z chiqishini mikrofonsiz davom ettirishga harakat qiladi.

1989 yil dekabr oyida akademik SSSR Xalq deputatlari qurultoyi yig‘ilishida bo‘lganida, to‘satdan o‘zini yomon his qilishni boshlaydi. «Men juda charchadim», deya yig‘ilganlarga murojaat qiladi. Biroz vaqt o‘tgach 68 yoshli akademik o‘z uyida to‘satdan yurak to‘xtab qolishi oqibatida vafot etadi.

Foto: moslenta.ru

«„Gorbachyovning yo‘lida turmang“ iborasi Sovet ziyolilari va chet eldagi do‘stlarimiz orasida juda mashhur. Ammo bu xavfli. Bugun Gorbachev. Ertaga boshqa inson va bunga kafolat yo‘q. Keling rostini aytamiz, hech qanday kafolat yo‘q», — degan edi Andrey Saxarov o‘limidan bir yil oldin.

Nozima Hoshimova tayyorladi.