25 may kuni Vazirlar Mahkamasi hududi oldida mehribonlik uylarining sobiq tarbiyalanuvchilariga ichki ishlar xodimlari tomonidan kuch ishlatilgani aytilayotgani haqida xabar berilgan edi. Vazirlar mahkamasi ushbu voqea tafsilotlari bo‘yicha «Gazeta.uz»ga izoh berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, Samarqand viloyati, Samarqand shahridagi Qorasuv massivida istiqomat qiluvchi Nargiza Jo‘raqulova va 7 nafar fuqarolar (sobiq mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari) Oliy Majlisi Senatiga murojaat qilib kelishgan. Fuqarolar masalalarini ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasi binosi oldiga taklif etilgan.

Vazirlar mahkamasi apparati xodimi Sh. Saliyevning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, pandemiya davridagi epidemiologik-sanitariya sharoitlari sababli, fuqarolarning qabuli hukumat binosida emas, bino tashqarsida, Vazirlar mahkamasi hududi oldida amalga oshiriladi.

Qabul jarayonida fuqarolar tomonidan O‘zbekiston Milliy bankidan uy-joy sotib olish uchun olingan ipoteka kreditlarini to‘lay olmasliklari sababli to‘lov foizlarini kamaytirib berish hamda muddati o‘tkazib yuborilgan qarzdorlikni qoplash to‘g‘risidagi masalalar ko‘tarilgan.

Hukumatning mas’ul xodimlari fuqarolarga ushbu masalalarning yechimi bo‘yicha hozirda Markaziy bank hamda Moliya vazirligi tomonidan hujjat loyihasi ishlab chiqilib, vazirlik va idoralar bilan kelishish jarayonida ekanligi bo‘yicha tushuntirish bergan.

Vazirlar mahkamasi xodimlarining ta’kidlashicha, fuqarolar qabul jarayonida masalalar bo‘yicha berilgan tushuntirishlardan qoniqish hosil qilgan.

Shundan so‘ng, murojaatchilar masala hal bo‘lmaguncha Vazirlar Mahkamasi hududini tark etmasligini, viloyatga qaytib borsa viloyat hamda shahar hokimliklari ularga yordam ko‘rsatmasligini ta’kidlagan. Sobiq mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari Vazirlar Mahkamasi ularning har biriga 100 mln so‘mdan pul to‘lab bermasa, Samarqand viloyatiga qaytib ketmasligi haqida shart qo‘yganligi aytilmoqda.

Qabul davomida Nargiza Jo‘raqulova voqealarni mobil telefoniga tasvirga olishni boshlagan. Vazirlar mahkamasi mas’ul xodimi Sh. Saliyevning ma’lum qilishicha, fuqaroga tegishli hujjatni tasvirga tushirishga ruxsat berilmaganligidan so‘ng, N.Jo‘raqulova videoga olishni boshlagan. Vaholanki, Jo‘raqulova videoga olish uchun ruxsat so‘ramagan, deya ta’kidlaydi hukumat apparati xodimi.

Nargiza Jo‘raqulova ruxsatsiz videoga olishni boshlaganida hududga xizmat bo‘yicha biriktirilgan IIV xodimlari unga tasvirga olish mumkin emasligi, bu strategik ob’ekt ekanligini tushuntirib, ogohlantirish berishadi. Jo‘raqulova ogohlantirishga qaramasdan tasvirga olishda davom etadi.

Uning ushbu harakatini to‘xtatish maqsadida fuqarolik kiyimida bo‘lgan IIV xodimi, mayor A.Xalilov Jo‘raqulovaning qo‘lidan mobil telefonini olib qo‘yishga harakat qiladi. Shunda Jo‘raqulova IIV xodimining qo‘liga yopishib, qo‘llarini tirnab, tishlashga urinib, unga tan jarohati yetkazadi, deya ta’kidlaydi Vazirlar mahkamasi xodimi.

Ushbu tortishuvga Jo‘raqulova bilan birga kelganlar ham aralashganda, voqea joyida bo‘lgan IIV xodimlari ularni ajratishni boshlaydi.

Tortishuv birinchi marotaba bartaraf etilgach, murojaatchilar tinchlantirilib, hukumat xodimlari ularga tushuntirishni davom ettirmoqchi bo‘lganida N.Jo‘raqulova yana telefoniga tasvirga olishni boshlaydi. IIV xodimlari ikkinchi marotaba uning telefonini tortib olmoqchi bo‘lishganida, yana tortishuvlar boshlanib ketadi.

Vazirlar mahkamasi xodimining aytishicha, N.Jo‘raqulovani ichki ishlar xodimi yerga yiqitmagan, sudramagan, aksincha fuqaroning o‘zi yerga yotib olib, oyoqlari bilan uni olib ketmoqchi bo‘lganlarni tepgan.

Shuningdek, Sh. Saliyev murojaatchilar bilan birga kelgan homilador ayol, M.Toshqulovani hech kim itarmaganligini, unga qulaylik uchun stul taqdim etilganligini aytmoqda. M. Toshqulova yerga o‘zi o‘tirib olganida esa Vazirlar mahkamasidagi navbatchi tibbiyot xodimlari unga yordam berishgan, shundan so‘ng tez tibbiy yordam chaqirilib, u turmush o‘rtog‘i bilan Toshkent tibbiy akademiyasining klinik kasalxonasiga ko‘rik uchun yuborilgan.

Holat keskinlashib ketishini oldini olish maqsadida ichki ishlar xodimlari tomonidan ehtiyot choralari ko‘rilgan holda N.Jo‘raqulova va tortishuvga aralashgan yana 5 nafar fuqarolar Toshkent shahar Yunusobod tumani IIO FMBga olib ketilgan.

Ichki ishlar xodimlaridan biri nega fuqarolik kiyimida bo‘lganligi bo‘yicha ham Vazirlar mahkamasi xodimi izoh berdi. «Vazirlar mahkamasi hududi oldida bir guruh fuqarolar yig‘ilsa, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida ichki ishlar xodimlari navbatchilikda bo‘ladi», — deydi u.

Fuqarolarning IIO binosida 10 soatgacha ushlab turilishiga surishtiruv ishlari amalga oshirilishi, hodisa ishtirokchilariga tibbiy xulosalar olinishi, ulardan tushuntirish xatlari va ko‘rsatmalar olinishi xamda boshqa rasmiylashtirish ishlari sabab bo‘lganligi qayd etiladi.

Vazirlar mahkamasi xodimining ta’kidlashicha, mehribonlik uylari sobiq tarbiyalanuvchilarining IIO FMB binosida ularga ovqat berilmaganligi haqidagi iddaosi ham haqiqatga yaqin emas. «Ularga ichki ishlar xodimlari somsa olib bergan. Keyin IIO binosidan birinchi qo‘yib yuborilgan fuqarolar boshqalarga yuborgan ovqat, sendvichlar ularga yetkazilgan», deydi u.

Vazirlar mahkamasi xodimlari murojaatchilarga nisbatan haqoratomuz so‘zlar ishlatilmaganligini ta’kidlashdi. Xususan, fuqarolarga nisbatan «Senlar yetimsanlar. Yetimlarga qancha bersang, shuncha to‘ymaydi, noshukursanlar» degan so‘zlar ishlatilmaganligi aytilmoqda.

Ma’lumotga ko‘ra, ushbu holat Vazirlar Mahkamasi binosining tashqi tomoniga Ichki ishlar idoralari tomonidan o‘rnatilgan videokameralarga tasvirga tushirilgan, holat bo‘yicha Toshkent shahar IIBB tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, holat yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudiga taqdim etish uchun tayyorlangan.