25 may kuni poytaxtdagi Humo Arena muz saroyi yonida «Mo‘ynoqqa madad» xayriya velomarofoniga start beriladi.

Toshkent shahar hokimligi xabar berishicha, shu munosabat bilan xayriya velomarafonini o‘tkazish doirasida ishtirokchilarning harakatlanish yo‘li bo‘ylab ko‘chalarning bir qismi vaqtincha yopiladi.

Quyidagi yo‘llarda harakat soat 9:30 dan 11:30 gacha to‘xtatiladi:

  • Afrosiyob ko‘chasi — «O‘zbekiston» metro bekatidan Nukus ko‘chasigacha (Shox Med Center klinikasi);
  • Nukus ko‘chasi — Oybek ko‘chasidan Farg‘ona yo‘li ko‘chasigacha;
  • Abdulla Qodiriy ko‘chasi — Farg‘ona yo‘li ko‘chasidan Qorasaroy ko‘chasigacha;
  • Qorasaroy ko‘chasi — Abdulla Qodiriy ko‘chasidan «Hazrati Imom» majmuasigacha;
  • Zarqaynar ko‘chasi — Qorasaroy ko‘chasidan O‘zbek davlat sirkining pastidagi tonnelgacha;
  • Furqat ko‘chasi — O‘zbek davlat sirkining pastidagi tonneldan Islom Karimov shoh ko‘chasigacha;
  • Islom Karimov shoh ko‘chasi — Furqat ko‘chasidan Afrosiyob ko‘chasigacha.

Poytaxt hokimligi ushbu yo‘l qismlarida tirbandliklarning oldini olish maqsadida haydovchilarga aylanma yo‘llardan foydalanishni tavsiya qilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, mazkur xayriya tadbirdan tushgan mablag‘lar Orolbo‘yi hududida yashayotgan aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga, jumladan, Mo‘ynoq tumani Ali ovul qishlog‘ini obod qilish, sug‘orish-irrigatsiya tizimlarini yaxshilash, toza ichimlik suvi tarmog‘ini o‘tkazish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholining boshqa muammolarini hal etishga yo‘naltiriladi.