Maktabgacha ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Olimov Qahramon Tanzilovich lavozimidan ozod etildi, vazirning boshqa o‘rinbosarlar esa o‘z vazifasini bajaruvchi darajasiga tushirilgan.

Bu haqda Shavkat Mirziyoyev boshchiligida 24 may kuni o‘tkazilgan hududlarda maktabgacha ta’lim muassasalari qamrovini kengaytirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda qayd etilgan.

Unda respublika bo‘yicha 53 ta tumanda bog‘chalar yetishmasligi aytilgan. Misol uchun, Surxondaryo viloyatining Bandixon, Denov, Qumqo‘rg‘on, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi, Qamashi va Kitob, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanlarida qamrov darajasi juda past.

Davlat rahbari yig‘ilishda sohadagi ko‘plab kamchiliklarni tanqidiy tahlil qilgan.

Natijada o‘z faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan maktabgacha ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari ishdan olingan. Olimov Qahramon Tanzilovich mazkur lavozimda 2020 yilning 6 martidan beri faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Qolaversa, vazirning boshqa o‘rinbosarlari hamda vazirlikning barcha hududiy boshqarmalari boshliqlari o‘z vazifasini bajaruvchi darajasiga tushirildi. Ularning o‘z lavozimiga loyiqligi keyingi faoliyati natijadorligi tahlili asosida ko‘rib chiqilishi belgilandi.

Yig‘ilishda shuningdek, muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, maktabgacha ta’lim qamrovi va sifatini oshirish masalalari muhokama qilingan.


Jumladan, mazkur 53 ta tumanda 34 ming o‘rinli 2 mingta oilaviy bog‘cha tashkil etish choralari belgilandi. Bunday bog‘chalarga qo‘shimcha ishchi yollashga ruxsat berib, qabul qilinadigan bolalar sonini ikki barobar oshirish taklifi ma’qullandi.

Davlat rahbari asosiysi ta’lim-tarbiya mazmuni ekanini ta’kidlab, oilaviy bog‘chalarga o‘quv qo‘llanma va metodik materiallarni bepul yetkazib berish vazifasini qo‘ydi. Buning uchun davlat tomonidan jami 30 mlrd so‘m ajratiladi. Shuningdek, bunday muassasalarni zarur jihozlar bilan ta’minlash uchun 5 foiz stavkada 30 mln so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi.

Olis hududlarda maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirishning yana bir manbasi — DXSH asosidagi bog‘chalardir. Bugungi kunda bunday muassasalarda bir bola uchun 50 foiz xarajatlar subsidiya qilib kelinmoqda.

Yig‘ilishda ushbu subsidiya miqdorini 75 foizga yetkazish, xususiy bog‘chalarning elektr energiyasi va tabiiy gaz to‘lovining 50 foizini davlat byudjetidan qoplash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.


Bundan tashqari, pandemiya sababli to‘liq quvvatda ishlamagan davlat-xususiy sheriklik bog‘chalarning kreditlari bo‘yicha asosiy qarz to‘lovi muddati ham yil yakuniga qadar uzaytirildi.

2021−2022 yillarda 23 ta tumanning olis va chekka hududlarida 50 ta maktabgacha ta’lim muassasasi barpo etish rejalashtirilgan. Buning uchun qamrov darajasi eng past va bolalar soni 250 tadan oshgan 50 ta mahalla tanlab olingan. Prezident ushbu bog‘chalarni ilg‘or xorijiy tajriba asosida qurish, zamonaviy jihozlar va qo‘llanmalar bilan ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berdi.

Shu bilan birga, maktabgacha ta’lim muassasalarining 12 ming nafar xodimini o‘qitish va malakasini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli kurslar tashkil etilishi belgilandi.