O‘tgan hafta BMT shafeligida oltinchi Global yo‘l harakati xavfsizligi haftaligi bo‘lib o‘tdi. Bu yil haftalik yo‘llarda harakat tezligining oshirilishi muammosiga bag‘ishlandi — o‘rta va past darajada rivojlanayotgan mamlakatlarda sodir bo‘layotgan avtohalokatlarning deyarli yarmi va yuqori darajada rivojlanayotgan mamlakatlarda YHH natijasida o‘limlarning uchdan bir qismi tezlik oshirilishi sababli ro‘y bermoqda. Bu yilgi kampaniyaning asosiy maqsadi katta bo‘lmagan ko‘chalarda va yo‘l harakatining zaif ishtirokchilari ham — piyodalar va velosipedchilar, avtotransport ham foydalanadigan ko‘chalardagi ruxsat etilgan tezlikni 30 km/soatgacha cheklashga qaratilgan. BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer «Gazeta.uz» bilan suhbatda Global haftalikning maqsadlari va haftalik e’tibor qaratgan masalalarning mamlakat buguni va kelajagi uchun ahamiyati haqida gapirdi.

— Global yo‘l harakati xavfsizligi haftaligi qanday maqsadlarni ko‘zlaydi va nima uchun u ilgari surayotgan masalalar O‘zbekiston uchun muhim?

— O‘n yil oldin BMT Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha harakatlar o‘n yilligini e’lon qildi [2011−2020 yillar]. O‘tgan yilning oktyabrida BMT Bosh assambleyasi 2021−2030 yillarda ikkinchi Harakat o‘n yilligini e’lon qildi hamda yo‘l qurbonlari va jarohatlar sonini ikki baravarga kamaytirish, 2030 yilgacha barcha uchun xavfsiz, arzon va barqaror transport vositalaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash bo‘yicha dunyo mamlakatlari majburiyatini tasdiqladi.

BMT har yili Global yo‘l harakati xavfsizligi haftaligini o‘tkazadi. Bu yilgi global kampaniya transport tezligini kamaytirishga yo‘naltirilgan. Chunki yuqori tezlik halokat va jiddiy jarohatlarga olib keluvchi asosiy omillardan biridir.

Biz barqaror transport tizimlari — sog‘lom va xavfsiz, shuningdek, atrof-muhitga ta’sirni kamaytiruvchi tizimlar ekanligiga ishonamiz. Yo‘l harakati xavfsizligi aksiyasi bir qator maqsadlarga erishishga qaratilgan — o‘lim sonini kamaytirish bilan bir qatorda hamjamiyatlar, maktabga piyoda qatnaydigan bolalar uchun atrof-muhitni yaxshilash, sog‘liqni yaxshilash — ko‘proq piyoda yurish va автомобилларда kamroq harakatlanish, bu esa ko‘chalarning bandligini va atmosferaga zararli chiqindilar ishlab chiqilishini kamaytiradi.

Bu yil kampaniyaning asosiy e’tibori tezlikni pasaytirishga qaratilgan. Biz odamlar avtomobil harakati bilan kesishadigan joylarda — shahar va qishloqlarning tor ko‘chalarida, maktablar yaqinidagi ko‘chalarda va boshqa joylarda tezlikni 30 km/soat gacha cheklashga chaqiramiz.

Har kuni dunyo bo‘ylab o‘rtacha 3700 kishi yo‘llarda vafot etadi — otalar, onalar, bolalar. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda yilning birinchi choragida 1491 ta yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan, ularda 394 kishi halok bo‘lgan, 95 ta avtohalokatlar bolalar ishtirokida sodir bo‘lgan.

Milliy statistika ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda yo‘llarda o‘lim holatlarining asosiy sababi — bu yuqori tezlik. Mamlakat bo‘ylab sayohat qilib, odamlar belgilangan tezlik chegaralariga rioya qilmasliklarini ko‘raman. Va men shahar va qishloqlardagi turli hududlarda tezlik chegaralarini aniq belgilash zarur deb hisoblayman.

Vaziyatni o‘zgartirish mumkin. Xelsinkining 40 yil ichida birinchi marta yo‘llarda o‘lim ko‘rsatkichlarini nolga yetkazganligini ko‘ryapmiz [2019 yilda]. Bu katta shahar uchun ulkan yutuq. Bunga kompleks yondashuv tufayli erishildi.

2019 yilda BMT Bosh kotibining maxsus vakili Jan Todt O‘zbekistonga tashrif buyurdi va qaror qabul qiluvchilar, hukumat vakillari, yoshlar va OAV bilan uchrashdi. U bir qator tavsiyalar berdi. Ulardan biri tezlikni pasaytirishga, boshqasi — alkogol va giyohvandlik ta’sirida transport vositasini boshqarishga, uchinchisi — xavfsizlik kamarlaridan foydalanishga tegishli edi.

Xavfsizlik kamarlaridan foydalanish masalasi men uchun shaxsan qiziq. Mening farzandlarim bor. Va pandemiyadan oldingi davrda ular o‘rtoqlarinikiga mehmonga borishganida men ularga: «Mashinada doimo kamarni taqing!» deb aytardim. Ular esa: «Oyi, mashinalarda xavfsizlik kamarlari yo‘q», deb javob berishardi. Ba’zida haydovchilar kamarni o‘rindiqning orqasiga o‘tkazib qo‘yishadi. Aniq ma’lumki, xavfsizlik kamarlari yo‘l transport hodisalarida o‘lim xavfini 50 foizgacha kamaytiradi. Va xavfsizlik kamarlaridan foydalanmaslikning hech qanday ma’nisi yo‘q.

Shuning uchun, siyosatning o‘zgarishi bilan bir qatorda, amaliyotning o‘zgarishi, insonlar ongining o‘zgarishi ham muhim ekanligiga ishonchim komil. Xavfsizlik shaharsozlik, tashkiliy va transport siyosatining markazida bo‘lishi kerak. Global haftalik natijasida nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda aynan shunga erishishga intilamiz.

— O‘zbekistonda deyarli har kuni odamlarning, bolalarning yo‘llarda vafot etganligi haqidagi xabarlar paydo bo‘ladi, ba’zida baxtsiz hodisalarda butun boshli oilalar vafot etadi. Bu kabi yangiliklarni o‘qib turib, nimalarni his qilasiz?

— Bu fojia. Ko‘chadagi har qanday o‘lim — bu fojia. Ishonchim komil — bu nafaqat O‘zbekistonga tegishli — vaziyatni o‘zgartirish mumkin. Masalan, saraton kasalligiga qarshi kurash haqida gap ketganda, chora ko‘rish mumkin. Agar biz yo‘lda o‘lim va jarohatlanishning oldini olishni istasak, biz ham chora ko‘rishimiz mumkin.

Biz hukumat o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarishi uchun qanday siyosiy choralar va madaniy o‘zgarishlar zarurligi to‘g‘risida hukumat bilan jahonning eng yaxshi tajribalarini bo‘lishish uchun ish olib bormoqdamiz. 2018 yilda O‘zbekiston 2025 yilga qadar yo‘l transport hodisalari sonini ikki baravar qisqartirish majburiyatini oldi. Bu jasoratli majburiyat. Bundan tashqari, 2018 yilda hukumat tomonidan 2018−2022 yillarda Yo‘l harakati xavfsizligi konsepsiyasi qabul qilindi.

Ko‘rinib turibdiki, hukumat vakillari qo‘yilgan maqsadlarga erishishdan manfaatdor. Men IIV, YHXBB rasmiylari va turizm sohasi rahbarlari bilan uchrashdim — chunki bu masala turizm uchun ham muhimdir.

Albatta, ma’lum yutuqlarga erishildi. Ammo biz ko‘proq narsaga erishish mumkinligiga aminmiz. Ko‘chalarda yana fojialar bo‘lishini istamaymiz. Ayniqsa, har yili avtomobillar soni ko‘payib borayotganini hisobga olsak.

Men yetarlicha sokin, odamlar transportni nisbatan sekin haydaydigan mahallada yashayman, bu jihatdan omadim keldi, ammo mahalladan chiqishing bilan keng ko‘chani kesib o‘tish xavfsiz emas.


Foto: BMTniнг O‘zbekistonдаги vakolatxonasi

— Sizningcha, O‘zbekiston hukumati vaziyatni o‘zgartirish uchun qanday shoshilinch choralar ko‘rishi mumkin?

— Biz BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi bilan O‘zbekistonda Yo‘l harakati xavfsizligi holati tasnifиni (Road Safety Performance Review) o‘tkazish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ustida ishlayapmiz. Mazkur tadqiqot hukumat yo‘l harakati xavfsizligi holatini yaxshilash uchun qanday muhim choralarni ko‘rishini tahlil qilish uchun global metodologiyaga asoslangan. Biz qanday umumiy harakatlar kerakligini bilamiz. Ammo bu tasnif qisqa, o‘rta va uzoq muddatli o‘zgarishlarni hamda iqtisodiy oqibatlarni tushunishga imkon beradi.

BMT nima qila oladi — global tajribani jalb qilishi va qanday natijalarga erishilishini baholashi mumkin — nafaqat tezkor natijalar, masalan, o‘limni kamaytirish, balki yashash uchun yaxshi makon yaratish, sog‘liqni yaxshilash, turizmni, bog‘liqlikni rivojlantirishi — axir, to‘g‘ri shaharsozlik odamlarning uydan ish joyiga yoki sayyohlarning mehmonxonadan madaniy obidalarga yetib olishlariga ta’sir qiladi.

Bular BMT katta ekspertiza va tajribaga ega bo‘lgan sohalardir. Umid qilamanki, biz Yo‘l harakati xavfsizligi holati tasnifini amalga oshirish uchun donor qo‘llab-quvvatlashini topishga muvaffaq bo‘lamiz. Bu, o‘z navbatida, tegishli vazirliklarga o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan resurslarni safarbar qilishga yordam beradi.

Misol uchun yuqumsiz kasalliklarga qarshi choralarni ko‘rib chiqamiz. Bu kasalliklar haqida gapirganda, odamlar dorilar, kasalxonada davolanish haqida o‘ylashlari mumkin, lekin yuqumsiz kasalliklar tufayli qancha odam ishidan ayrilishi yoki nogiron bo‘lib qolishi mumkinligini ko‘rib chiqish mumkin. Biz o‘lim, kasallik va yuqumsiz kasalliklar sababli qoldirilgan ish kunlari tufayli O‘zbekiston YAIMning 4,7 foizini yo‘qotishini hisoblab chiqdik. Va tuz, alkogol, tamaki va hokazolardan foydalanishni kamaytirish kabi aniq siyosat choralari mavjud.

Shu kabi yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha ham. Bu sohada integrallashgan yondashuv zarur. Bitta vazirlikdan o‘zgarishlarni talab qilish mumkinmas. Barqarorlik, sog‘liqni saqlash, havoning ifloslanishi, xavfsizlik masalalarini ko‘rib chiqish va muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko‘rilishi kerak. Biz aynan shularni amalga oshirmoqchimiz.

— Tezlikni pasaytirish masalasi bo‘yicha muhokamalarda bunday qilmaslik kerak, bu ekologiyani yomonlashtiradi, tirbandlikka va boshqa muammolarga olib keladi degan fikrlarga duch kelish mumkin. Bunga qanday javob bergan bo‘lardingiz?

— Global kampaniyamizning asosiy iboralaridan biri — #Love30. Yana bir muhim ibora — «Streets for life» («Ko‘chalar hayot uchun»). Biz piyodalar, maktabga boradigan bolalar, qariyalar, nogironlar uchun xavfsiz ko‘chalarning ahamiyati haqida gapiryamiz. Sayr qilish, velosipedda uchish imkoniyatlari. Faqat автомобилга taalluqli bo‘lmagan mobillikni tadbiq etish.

Kampaniya yirik ko‘chalarda tezlikni 30 km/soatgacha pasaytirishga chaqirmaydi. Kichik ko‘chalar to‘g‘risida so‘z yuritilyapti faqat. Bizning fikrimizcha, bu nafaqat ko‘chalarni xavfsiz qiladi, balki hamjamiyatlar gullab-yashnashi mumkin bo‘lgan ko‘chalarni ham yaratadi.

Men yana shuni ham ta’kidlashni istardimki, aprel oyida YUNISEF UReport loyihasi doirasida so‘rov o‘tkazdi. So‘rov ishtirokchilarining 75 foizi maktabga piyoda borishini aytdi. Shu bilan birga, maktabga boradigan yo‘llarning 50% xavfdan holi emasligi aytilgan va Toshkentda bu ko‘rsatkich 60% ni tashkil etgan.

Shunday qilib, aminmanki, masalan, taksichilar bilan gaplashilsa, ular tezlikni pasayishiga qarshi bo‘lishi mumkin, axir ular tez harakatlanishlari kerak. Bu masalaning bir tomoni. Ammo o‘zbekistonlik yoshlar, maktabga yoki universitetga piyoda yoki avtobusda yetib oladigan, mashina olishga qurbi yetmaydigan odamlar bilan suhbatlashganda berilgan javoblar aniq: biz xavfsiz ko‘chalarga erishishimiz uchun yanada jur’atliroq harakatlar zarur.

So‘rov ishtirokchilari, shuningdek, bir qator takliflarni bildirishdi. Yoshlar mutaxassislar — yo‘l harakati xavfsizligi xizmati vakillari bilan suhbatlashmoqchi ekanliklarini, maktabda yo‘l harakati qoidalari o‘qitilishini istashlarini aytishdi — bu ajoyib g‘oya deb o‘ylayman, ular piyodalar va velosiped yo‘laklari bo‘lishini xohlashyapti va tezlik soatiga 30 kmgacha cheklanishini istashyapti.

Barchamiz bilamiz, bu mamlakat aholisi o‘sib bormoqda, aholi yosharib bormoqda va ko‘chalar biznes uchun qanchalik samarali bo‘lishi kerak bo‘lsa, yoshlar uchun shunchalik xavfsiz bo‘lishi lozim. Men xuddi shu kabi argumentlarni har qanday mamlakat uchun keltirgan bo‘lardim.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning dastlabki ikki oyida Toshkent, Toshkent viloyati va Namangan yo‘llarida har kuni o‘rtacha to‘rt kishi vafot etgan. Bu juda ko‘p. Ularning har biri biror oilaning a’zosi. Amalga oshirilishi kerak bo‘lgan harakatlar mavjudligini, hukumat maqsadlarga erishishga sodiq ekanligini bilamiz, to‘g‘ri siyosiy qarorlar zarur.

— O‘zbekistonda ushbu sohadagi vaziyatni o‘zgartirish uchun BMT qanday aniq harakatlarni amalga oshirishi mumkin va amalga oshiryapti?

— Aytganimdek, biz yo‘l harakati xavfsizligini nafaqat yo‘llarda qancha odam jarohat olgani yoki halok bo‘lganligi nuqtai nazaridan, balki iqtisodiy nuqtai nazardan ham ko‘rib chiqamiz, chunki bizning asosiy tamoyillarimiz — Barqaror rivojlanish maqsadlaridir. Bizning hisob-kitobimizga ko‘ra, butun dunyoda aksariyat davlatlar yo‘l transport hodisalari tufayli YAIMning 3 foizini yo‘qotadi. Bu katta ko‘rsatkich va u shuningdek, davolanish xarajatlari, odamlarning mehnatga layoqatini yo‘qotishini o‘z ichiga oladi.

BMT mamlakatlarni yo‘l harakati xavfsizligini alohida sog‘liqni saqlash masalasi yoki politsiya vakolati sifatida emas, balki milliy rejalashtirish jarayonining bir qismi sifatida ko‘rib chiqishga chaqiradi. BMTning maxsus vakili bu yerga tashrifi davomida ayni shu masalaga — turli vazirliklar ishtirokida integrallashgan rejalashtirish muhimligiga urg‘u bergandi.

Ikkinchidan, biz axborot berish-tushuntirish ishlarini olib boramiz. JSST va YUNISEFdagi hamkasblarim va men Global yo‘l harakati xavfsizligi aksiyasida qatnashmoqdamiz.

Uchinchidan, biz BMTning Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha Maqsadli jamg‘armasidan ko‘makni jalb qilish choralarini ko‘ryapmiz. YUNISEF esa hozirda maktablar yaqinida harakat xavfsizligini yaxshilash ustida ishlamoqda, fikrimcha bu juda muhim.

Mamlakat Yo‘l harakati xavfsizligi holati tasnifini o‘tkazish uchun men BMT YeIK bilan muzokaralarda ishtirok etyapman, so‘ng biz bu masalani hukumatdagi hamkasblar bilan muhokama qilamiz.

Biz ma’lumotlar yig‘ish sohasini rivojlantirishni ham qo‘llab-quvvatlayapmiz, chunki sifatli ma’lumotlarsiz qaror qabul qilishning imkoni yo‘q. Agar ko‘chalarda qancha odam vafot etayotgani va jarohatlanayotganini bilmasak, siyosiy qarorlar qabul qilish juda qiyin. Ko‘pgina mamlakatlarda, shu jumladan, O‘zbekistonda ma’lumotlar yig‘ish yaxshilanishi mumkin.

— Sizning fikringizcha, 2025 yilga qadar O‘zbekistondagi yo‘l transport hodisalari sonini ikki baravarga kamaytirish maqsadiga erishishning imkoni ibormi?

— O‘ylashimcha, bunga erishish mumkin va bu hozirdan harakat qilishni talab qiladi. Shuning uchun biz Yo‘l harakati xavfsizligi holati tasnifini ko‘rib chiqishni va ushbu sohadagi boshqa harakatlarni tezlashtirishga harakat qilmoqdamiz.

Azamat Atajanov suhbatlashdi