Iordaniyaning Amman shahrida taekvondo bo‘yicha Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi litsenzion turnir o‘z yakuniga yetib bormoqda. Biroz avval o‘zbekistonlik taekvondochi Svetlana Osipova +67 kg vazn toifasida Olimpiada litsenziyasini qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Shu tariqa taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga 4 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Bu bilan O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor to‘liq tarkib bilan Olimpiadada qatnashadigan bo‘ldi.

Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston taekvondo terma jamoasi nomidan Ulug‘bek Rashitov (-68 kg), Nikita Rafalovich (-82 kg), Nigora Tursunqulova (-67 kg) hamda Svetlana Osipova (+67 kg) ishtirok etadi.

Avvalroq, Ulug‘bek Rashitov hamda Nigora Tursunqulova ham taekvondo bo‘yicha Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.

2020 yilning yanvar oyida Butunjahon taekvondo federatsiyasi (WT) Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi yakuniy reyting jadvaliga ko‘ra O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Nikita Rafalovich -80 kilogramm vazn toifasida reyting orqali Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma olgan edi.

Ma’lumot uchun, taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi nomidan 2004 yilgi Olimpiadada 2, 2008, 2012 va 2016 yilgi Olimpiada musobaqasida 3 nafar sportchi ishtirok etishgan.