Pora tariqasida taklif etilgan 2 ming AQSH dollarini olmagan Samarqand IIO Faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘limi xodimi, kapitan U.Sarimovga 15 mln so‘m miqdorida pul mukofoti berildi, deb xabar bermoqda Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati.

Viloyat IIB boshlig‘i buyrug‘i bilan Sarimovning oila a’zolariga, qolaversa, o‘z xizmat vazifalarini namunali bajarayotgan Samarqand IIO FMBning 10 nafar xodimlari ota-onalariga tashakkurnomalar va qimmatbaho sovg‘alar topshirilgan.


Tadbir 21 may kuni bo‘lib o‘tgan. Unda 2020−2021 yillarda viloyat ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoyatlar to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan. «Xodimlarning ota-onalaridan farzandlarining taqdiriga befarq bo‘lmaslik va ularning tarbiyasiga e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlab o‘tildi», — deyiladi xabarda.


«Yig‘ilish davomida IIO FMBda xizmat qilayotgan, xizmat intizomi va qonuniylikni buzishga moyillar ro‘yxatiga kiritilgan xodimlar, ularning oila a’zolari hamda rahbarlar ishtirokida ogohlantirildi», — deyiladi viloyat IIB xabarida.