O‘zbekistonda «Yangi O‘zbekiston» universiteti ochiladi. Bu haqda 21 may kuni «Toshkent 5 tashabbus harakati» yoshlar festivali doirasida bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayevning ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Xalq so‘zi».

«Endilikda qariyb 25 foiz maktab bitiruvchilari talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Yoshlarni oliy ta’limga qamrab olish uchun ta’lim muassasalari soni 5 yil ichida qariyb 60 tadan 130 taga yetib qoldi. Bundan tashqari, chet elning nufuzli OTMning filiallari tashkil qilinyapti. Bularning hammasi yoshlarimiz yaxshi bilim olishiga imkoniyat yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda», — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Behzod Musayev 2021 yil 1 cyentyabrgacha barcha hududlarda «Prezident maktablari» faoliyat boshlashini ta’kidladi. Ularga saralash shaffof bo‘lishi aytildi. Ushbu maktablarda yoshlar Angliyaning Kembrij ta’lim tizimi asosida o‘qitiladi.

«Shuningdek, Yangi O‘zbekiston universitetini ochish yuzasidan ishlar olib borilmoqda», — deya ta’kidladi u.

Avvalroq, Toshkentda 8000 talabaga mo‘ljallangan prezident universiteti ochilishi haqida xabar berilgan edi.