Xitoy rivojlanayotgan mamlakatlarga pandemiyaga qarshi kurashish uchun 3 mlrd dollar ajratadi

Xitoy hukumati rivojlanayotgan mamlakatlarga kelgusi uch yil ichida pandemiyaga qarshi kurashish va iqtisodiy o‘sishni tiklash uchun 3 mlrd dollar miqdorida yordam ajratadi. Bu haqda XXR rahbari Si Szinpin ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy shu paytgacha 300 mln doza COVID-19 vaksinalarini turli mamlakatlarga yetkazib berdi va xorijiy sheriklarga ushbu dorilarning yanada ko‘proq miqdorini yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Hukumatning, shuningdek, rivojlanayotgan mamlakatlar bilan vaksina ishlab chiqarish texnologiyalarini baham ko‘rishi aytilmoqda. — TASS.

Shuningdek: Xitoy rasmiylari foydalanuvchi ma’lumotlarini yig‘ish bo‘yicha me’yoriy talablarni buzayotgan 100 dan ortiq internet-xizmatlarning ro‘yxatini e’lon qildi. Ular orasida eng yirik texnologik kompaniyalarning xizmatlari, shu jumladan Microsoft, LinkedIn tarmog‘i, shuningdek Baidu, Kuaishou Technology va ByteDance ham bor. Mamlakatning asosiy internet regulyatori kompaniyalarning xizmatlar bilan bog‘liq bo‘lmagan foydalanuvchi ma’lumotlarini yig‘ayotganligini aytdi. Qoidabuzarliklarni bartaraf etish uchun xizmat ko‘rsatuvchi operatorlarga 15 kun berildi.


Avstraliyaning 45 shahrida iqlim o‘zgarishlariga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi

21 may kuni bir necha ming talaba va maktab o‘quvchilari iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda hukumatning harakatsizligi va yangi qazib olinadigan yoqilg‘i loyihalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga nisbatan norozilik bildirishdi. «Iqlim inqirozi tobora kuchayib bormoqda, o‘rmon yong‘inlari va toshqinlar mamlakatni vayron qilmoqda va odamlarni o‘ldirmoqda, ammo Avstraliya hukumati qazilma yoqilg‘ini qazib olishni kengaytirish bo‘yicha loyihalarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Boylar sayyoramizni yo‘q qilish va bizni to‘lashga majbur qilish orqali foyda olishni davom ettirmoqda. Harakat qilmaslik — bu nima bo‘layotganini inkor etishga urinishdir, ammo biz odamlar manfaatlari uchun zudlik bilan harakat qilish uchun kurashmoqchimiz», dedi namoyishchilardan biri TASSga. Namoyishchilar, shuningdek, ular Avstraliya rasmiylarini mamlakatdagi iqlim holatini inqiroz deb tan olishga va unga qarshi kurashishni boshlashga chaqirayotganliklarini ta’kidlashdi.

Avstraliyadagi mitingga Kurri-kurrida yirik gaz elektr stansiyasini qurish bo‘yicha yangi loyihaning e’lon qilinishi sabab bo‘ldi. Namoyishchilar hukumatdan shoshilinch ravishda barcha ko‘mir, neft va gaz loyihalarini to‘xtatishni, 2030 yilgacha qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tishni va qazib olinadigan yoqilg‘ini qazib olishni va eksport qilishni to‘xtatishni talab qilishdi. Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tadbirda Sidneyning o‘zida 5 ming yaqin shahar aholisi qatnashgan. — TASS.


Ilon Mask xalqaro oy bazasini yaratishni taklif qildi

SpaceX asoschisi Ilon Maskning so‘zlariga ko‘ra, Xalqaro kosmik stansiyasi (XKS) loyihasining mantiqiy davomi Oy va Marsda xalqaro bazalarni yaratish bo‘ladi. «O‘ylaymanki, kosmik stansiya muhim funksiyaga ega, menimcha, kosmosdagi hamkorlik juda muhim, ammo biz har qanday masalada qotib qolmasligimiz kerak», dedi Mask. Unga ko‘ra, «navbatdagi mantiqiy qadam» Oyda baza, Marsda shahar yaratishdir. — Interfaks.

Eslatamiz, 2020 yil 29 oktyabrda NASA va Yevropa kosmik agentligi (YeSA) Artemis Gateway kelishuvini imzolab, birgalikda Gateway Oy yaqinidagi orbital stansiyani yaratishga kelishishgan edi. Kelishuvga ko‘ra, YeSA Gateway uchun boshqariladigan va yonilg‘i quyish modullarini, shuningdek aloqa uskunalarini taqdim etadi. YeSA, shuningdek, Amerikaning «Orion» kosmik kemasi uchun odamlarni Yerning tabiiy yo‘ldoshiga yuborish uchun mo‘ljallangan modulini yaratish mas’uliyatini olgan edi.

Joriy yilning 9 mart kuni Rossiya va Xitoy ham xalqaro ilmiy oy stansiyasini yaratish to‘g‘risida memorandum imzoladi.

Shuningdek: SpaceX kompaniyasi 2023 yilda NASA yuklarini Oyga yuborish bo‘yicha shartnomani qo‘lga kiritdi.


Myanma saylov komissiyasi so‘nggi saylovlarda g‘olib bo‘lgan Demokratiya uchun milliy ligasini tarqatib yubordi

Myanma saylov komissiyasi davlat maslahatchisi Aun San Su Chji boshchiligidagi Demokratiya uchun milliya ligasini (DML) tarqatib yuboradi. Myanmar Now xabariga ko‘ra, qaror Neypidoda bo‘lib o‘tgan siyosiy partiyalar bilan uchrashuvda e’lon qilingan. Saylov komissiyasi rahbari Teyn Soning so‘zlariga ko‘ra, «saylovlar soxtalashtirilgani sababli» g‘alaba qozongan partiya tarqatib yuboriladi. Shuningdek, u DML rahbarlari xoin sifatida sudga tortilishini ta’kidladi. — Myanmar Now.

1 fevral kuni Myanmada harbiylar hukumat rahbarlari hibsga olingani va mamlakatda bir yilga favqulodda holat joriy etilgani haqida e’lon qilgan edi.


Tailandda favqulodda holat 31 iyulgacha uzaytirildi

Tailand Koronavirusga qarshi kurash markazi koronavirus pandemiyasi sababli mamlakatda joriy qilingan favqulodda holatni yana ikki oyga, ya’ni 31 iyulgacha uzaytirishga qaror qildi. Ushbu tashabbus infeksiyaning keyingi tarqalishini to‘xtatish uchun qaratilgan. Ta’kidlanishicha, mamlakatda dastlab 2020 yil 26 martda kiritilgan cheklovlar 12-marta uzaytirilmoqda. — TASS.


Antarktidadagi muzlik shleyfidan dunyodagi eng katta aysberg ajralib chiqdi

Yevropa kosmik agentligi (YeKA) ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda dunyodagi eng katta bo‘lgan A-76 aysbergi Antarktidadagi muzli shleyfidan ajralib chiqdi. Aysberg maydoni 4,2 ming kv kmdan kattaroq.

Bundan avval, eng katta aysberg 21 yil oldin Antarktidadagi Ross muz shleyfisidan ajralib chiqqan B-15 deb tan olingan edi. Uning maydoni 10,8 ming kv kmdan oshiq edi. Olimlarning ta’kidlashicha, so‘nggi o‘n yilliklarda Antarktika muz qatlamining erishi tezlashmoqda. — NBC.


Shuningdek:

  • Vengriyada majburiy niqob rejimi bekor qilinmoqda.
  • Yaponiya hukumati harbiy ob’ektlar yaqinida 500 dan ortiq hududlarning ro‘yxatini tuzdi, bu yerda chet elliklar va xorijiy kompaniyalarning yer sotib olish huquqlari cheklanadi. Bundan tashqari, ushbu ro‘yxatdagi 100 dan ortiq tumanlar qattiq nazorat toifasiga kiritildi.
  • Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu xavfsizlik masalalari bo‘yicha hukumat yig‘ilishini chaqirdi, uning ishtirokchilari jangovar harakatlarni to‘xtatishga qaror qilishdi. To‘qnashuvlar 10 kundan ortiq davom etdi. Culh juma kuni kechqurun kuchga kirdi.
  • Aholining katta qismi emlangan barcha mamlakatlarda ham COVID-19 virusining tarqalishi kamayayotgani yo‘q. Buning sabablaridan biri — turli xil vaksinalardan foydalanishdir, deb yozadi Bloomberg. Nashrning ta’kidlashicha, RNK vaksinalari (Moderna, Pfizer) virus yuqtirishni kamaytirishga an’anaviy vaksinalar (AstraZeneca, Sinopharm va boshqalar) ga qaraganda yaxshiroq yordam beradi. Biroq barcha vaksinalar og‘ir alomatlarning rivojlanishi yoki o‘lim xavfini kamaytiradi.