O‘zbekiston mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi Qurolli Kuchlar tizimidagi vazirlik va idoralar buyurtmasiga muvofiq Tarlon yengil zirhlangan avtomobilini sinovdan o‘tkazishni boshladi, deya xabar qildi qo‘mita matbuot xizmati.

Mazkur avtomobil Mudofaa sanoati kompleksi korxonalarida loyihalashtirilgan va ishlab chiqarilgan bo‘lib, zamonaviy talablarga javob beradigan kuch tuzilmalari vazirlik va idoralarining bir guruh mutaxassislari tomonidan qo‘shinlar sinovidan o‘tkazilmoqda.

Ushbu tadbirlarning dastlabki bosqichida Tarlon`ning ballistik himoyasi belgilangan standartlar asosida tekshiriladi, yurish va turli to‘siqlardan o‘tish qobiliyati respublikamiznining tog‘-adir va kesishgan zonalarida sinovdan o‘tkaziladi.

Barcha g‘ildiraklari yetakchi bo‘lgan yo‘ltanlamas 300 ot kuchiga ega bo‘lib, 11 nafargacha kishini sig‘diradi, zirhli po‘latdan tayyorlangan himoya sinfi SNG GOST (4 Br) va NATO Stanag (3+ daraja) xalqaro standartlariga javob beradi. Bir martalik zaxira yoqilg‘i bilan 750 km gacha masofani bosib o‘ta oladi.

Mashina kolonnalar, sanitar tashishlarni qo‘riqlash va ularga hamrohlik qilish, muhandislik, radiatsion, kimyoviy va biologik razvedka olib borish, o‘t ochishni qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan.

Avvalroq «Gazeta.uz» Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida harbiy va maxsus texnikalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edi. Qiymati 55 mln dollar bo‘lgan tegishli loyiha yil boshida prezidentga taqdim etildi. Ushbu loyiha O‘MB ko‘magida Nurafshon-Maxsus-Texnika kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.