Filippin prezidenti emlanish paytida vaksina tanlashni taqiqladi

Filippin prezidenti Rodrigo Duterte mamlakat aholisiga emlanish paytida vaksina tanlashni taqiqladi. Unga ko‘ra, mamlakatda mavjud bo‘lgan barcha vaksinalar samarali hisoblanadi. «Hech qanday kamsitish bo‘lmaydi. Qaysi vaksinani ishlatishni tanlashingiz mumkin emas, chunki ularning barchasi bir xil», — dedi Duterte. Uning qo‘shimcha qilishicha, aksariyat badavlat odamlar AQSHda ishlab chiqarilgan vaksinalarni, masalan, Pfizer va Moderna’ni kutishmoqda. «Bunday bo‘lmaydi, siz millioner bo‘lasizmi yoki boshqami, farqi yo‘q, siz tanlay olmaysiz. Qaysi tumanda yashasangiz ham, barchangiz bir xilsiz, men sizni tanlashingizga yo‘l qo‘ymayman», deya keltiradi uning so‘zlarini TASS.

TASSning yozishicha, mamlakat AQSHning Moderna va Rossiyaning «Sputnik V» vaksinalari, shuningdek, Pfizer, AstraZeneca, Sinovac, Bharat Biotech va Johnson & Johnson kompaniyasiga tegishli Janssen vatsinalaridan favqulodda foydalanishni ma’qullagan. Filippinda 1 mart kuni Xitoyning CoronaVac preparati bilan emlash boshlandi. — TASS.


Kolumbiyadagi namoyishlarda 1,7 mingdan ortiq odam jarohat olgan

28 apreldan buyon Kolumbiyada bo‘lib o‘tayotgan namoyishlar paytida kamida 1,7 ming kishi turli darajadagi tan jarohati olgan. Mudofaa vazirligining bayonotiga ko‘ra, jarohatlanganlarning 802 nafari oddiy fuqarolar, 920 nafari politsiya xodimidir. Qayd etilishicha, ushbu davr mobaynida politsiya 735 kishini hibsga olgan. Bundan tashqari, huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan 18,2 ming dona sovuq qurol, 600 dona qurol, 318 dona pnevmatik qurol musodara qilindi. — Kolumbiya Mudofaa vazirligining Twitter’dagi sahifasi.

28 aprel kuni Kolumbiya bo‘ylab soliq islohotlariga qarshi namoyishlar boshlangani haqida xabar bergan edik.


Yaponiya hukumati immigratsiya islohotidan voz kechdi

Yaponiya hukumati amaldagi immigratsiya qonunchiligini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini muxolifat hamda jamoat va xalqaro tashkilotlarning tanqidlari ortidan qaytarib olishga qaror qildi. Qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish, xususan, qochoqlik maqomidan uch marta mahrum qilingan chet el fuqarolarini majburan deportatsiya qilishga ruxsat berishga qaratilgan edi. Qonun loyihasini tanqid qiluvchilar bunday yondashuvning g‘ayriinsoniyligini ta’kidlab, BMTning tegishli komissiyalarida kutilayotgan islohotlarni qoraladilar. Yaponiya immigratsiya xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda agentlik qochqin maqomini olish uchun kelib tushgan barcha murojaatlarning atigi 1 foizini qondirgan. — TASS.

Shuningdek: Tokioda ishlaydigan olti mingga yaqin shifokorlardan tashkil topgan uyushma ushbu yozda o‘tkaziladigan Olimpiya o‘yinlarini bekor qilishni zarur deb hisoblamoqda. Ular hozirda koronavirus pandemiyasining «to‘rtinchi to‘lqini bilan kurashayotganlarini» ta’kidlashdi va, ularning fikriga ko‘ra, yangi to‘lqin hozirgacha eng kuchlisidir.


AQSH prezidenti va vitse-prezidenti soliq deklaratsiyalarini e’lon qildilar

Oq uy e’lon qilgan soliq deklaratsiyalariga ko‘ra, AQSH prezidenti Jo Bayden birinchi xonim Jil Bayden bilan birga o‘tgan yili 600 ming dollardan sal ko‘proq ishlab topgan. Shu bilan birga, vitse-prezident Kamala Xarris va uning eri Dag Emxoff 2020 yilda 1,6 mln dollardan ko‘proq daromad ko‘rgan.

Ta’kidlanishicha, Bayden 25,9 foiz samarali stavka bo‘yicha 157 ming dollar miqdorida federal daromad solig‘ini to‘lagan. Bundan tashqari, prezident va birinchi xonim Delaverda 28 ming dollar va Virjiniyada 443 dollar to‘lashgan. Shu bilan birga, ular 10 xil xayriya tashkilotlariga 30 ming dollar miqdorida xayriya qildilar. Eng katta xayr-ehson 2015 yilda onkologiyadan vafot etgan Jo Baydenning o‘g‘li Bo Bayden nomidagi fondga ajratilgan 10 ming dollar bo‘ldi.

Vitse-prezident va uning eri 2020 yilda taxminan 1,7 mln dollar ishlab topgan, ulardan 36,7 foiz samarali stavka bo‘yicha 621 ming dollar federal daromad solig‘ini to‘lagan. Shuningdek, Xarris va uning turmush o‘rtog‘i Kaliforniyadagi daromad solig‘i uchun 125 ming dollar to‘lashgan, Emxoff esa Kolubiya okrugidagi daromad solig‘i uchun 57 ming dollar to‘ladi. Xarrislar oilasi 2020 yilda xayriya ishlariga 27 ming dollar ajratgan. — Oq uy veb-sahifasi.

Bundan avval Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va oila a’zolarining 2020 yildagi daromadlar deklaratsiyasi haqida yozgan edik.


Argentina ichki narxlarni ushlab turish maqsadida mol go‘shti eksportiga bir oylik taqiq qo‘ydi

Argentina hukumati mamlakatdagi asosiy narxlardan biri bo‘lgan mol go‘shti eksportini bir oyga cheklamoqda. Bu ichki narxlarning muttasil ko‘tarilishining oldini olish maqsadida qilinmoqda. Ushbu davrda hukumat ushbu sektor uchun favqulodda choralar majmuini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. «Prezident so‘nggi bir necha oy ichida mol go‘shti narxlarining barqaror ko‘tarilishidan xavotir bildirdi», — deyiladi Bloomberg xabarida. Nashrning ta’kidlashicha, Argentinada inflyatsiyaning yillik ko‘rsatkichi 50 foizga yaqinlashmoqda. Mamlakat prezidentining so‘zlariga ko‘ra, joriy etilgan choralar ijobiy natijalarga olib kelsa, eksportni taqiqlash muddati qisqartirilishi mumkin. — Bloomberg.


Hindistondagi dovulli shamol tufayli 20 dan ortiq kishi halok bo‘ldi

Hindistonning g‘arbiy qismiga kelgan yomg‘irli siklon kamida 21 kishining o‘limiga sababchi bo‘ldi. Yana 96 kishi bedarak yo‘qolgan. Yuz minglab odamlar elektr ta’minotisiz qolmoqda. Gujarat shtatidagi aeroportlar, shu jumladan Sardara Vallabxay Patela xalqaro aeroporti yopildi. Mahalliy meteorologik xizmatlarning xabar berishicha, 17 may kuni kechqurun shamolning maksimal tezligi 210 km/soatgacha yetgan. Interfaksning yozishicha, siklon asta-sekin susayib bormoqda, ammo yaqin kunlarda Hindistonning aksariyat hududlarida, ayniqsa Gujarat va Maxarashtra shtatlarida kuchli yog‘ingarchilik kutilmoqda. — Interfaks.

Avvalroq Hindistonning g‘arbiy qirg‘og‘iga dovulli shamol va kuchli yomg‘irlar yaqinlashayotgani haqida xabar bergan edik.


Gruziya, Moldova va Ukraina Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha memorandum imzoladi

17 may kuni Kiyevga tashrif buyurgan Gruziya va Moldova tashqi ishlar vazirlari ukrainalik hamkasbi bilan Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha memorandum imzolashdi. «Ushbu memorandum bizning Yevropa istiqbolini ro‘yobga chiqarish yo‘lida faol ishlash niyatimizni tasdiqlaydi», — dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu hujjatda uch davlatning «Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishning boshqa muqobili yo‘qligi» ta’kidlangan. Moldova tashqi ishlar vazirining so‘zlariga ko‘ra, memorandum uch mamlakatga keyingi o‘n yil ichida Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish maqsadiga erishishda yordam beradi. — TASS.


Ispaniyaning Seuta shahriga rekord darajada noqonuniy muhojirlar keldi

Ispaniya hukumati Afrikaning shimoliy qirg‘og‘ida joylashgan Seuta avtonom shahriga rekord darajada noqonuniy muhojirlar kelgani sababli armiyani safarbar etishga qaror qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bir kun ichida Marokashdan 5 mingdan ziyod kishi, jumladan 1,5 mingga yaqini voyaga yetmaganlar Ispaniya shahriga suzib kelishgan. Ba’zi taxminlarga ko‘ra, Marokashdan Seutaga kelgan muhojirlar soni 9 mingga yaqin bo‘lishi mumkin. Keyinchalik Ispaniya hukumati Marokashga 1,5 mingga yaqin muhojirni qaytarib yuborgani haqida ma’lum qildi. TASSning yozishicha, Ispaniya shahriga noqonuniy muhojirlar oqimi Madrid va Rabat o‘rtasidagi diplomatik ziddiyatlar fonida yuz bergan. — TASS.


Boshqa yangiliklar:

  • Isroil tomonidan G‘azo sektoriga yetkazilgan zarar 244 mln dollarga baholandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, G‘azoda 800 dan ortiq turar-joy binolari butunlay yo‘q qilindi, yana 10 mingga yaqini qisman vayron qilindi.
  • Turkiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat koronavirusning tarqalishi ustidan nazoratni qayta tiklashga muvaffaq bo‘ldi. Hozirda mamlakatda ba’zi chelovlar yumshatilmoqda, shuningdek, vaziyatni normallashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha ishlarning ikkinchi bosqichi 1 iyundan keyin boshlanishi rejalashtirilmoqda.
  • Ilon Mask dunyoning eng boy odamlari reytingida uchinchi o‘ringa tushdi. So‘nggi besh kun ichida Tesla aksiyalari narxi 8,3 foizga pasaygan.
  • Uzoq davom etadigan ish kuni insult va yurak kasalliklarining kelib chiqishiga, buning oqibatida har yili yuz minglab insonlarning o‘limiga olib keladi. JSST va XMTning ushbu mavzudagi dastlabki tadqiqotlariga ko‘ra, ortiqcha mehnat qilish kasbiy kasalliklar uchun eng muhim xavf omiliga aylangan.