AQSH O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum “Xabar.uz” nashriga bergan intervyusida 2021 yilning oktyabr oyida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. U bu saylovlarda demokratiya bo‘lishi, AQSH YeXHTning monitoring ishida qatnashishi va saylovlarni yaqindan kuzatib borishi haqida so‘zladi.

“Saylovlar erkin, adolatli va raqobatdosh bo‘lishi chindan demokratik jamiyat belgilaridan sanaladi. Demokratiya hamisha rivojlanib turadigan jarayon, va saylovlar uning muhim bir qismidir. U orqali xalq o‘z rahbarini saylaydi”, — deydi u.

Shuningdek, AQSH elchisi saylovlar adolatli tashkil etilishini aytib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, saylovlarda raqobatlashmoqchi bo‘lganlarga imkon va barcha sharoitlar bo‘lishi juda muhim. “Agar kimdir siyosiy partiya tuzmoqchi bo‘lsa, uning yo‘liga qo‘yiladigan to‘siqlar bo‘lmasligi kerak”, — deydi u.

Deniyel Rozenblyum kelayotgan saylovlarda xalqaro hamjamiyat, jumladan AQSHning ishtiroki haqida so‘zladi.

“Shuni bilamanki, kelayotgan saylovlarda O‘zbekistonda xalqaro hamjamiyat ham ishtirok etadi. AQSH YeXHTning monitoring ishida qatnashadi va saylovlarni yaqindan kuzatib boradi. Biz Markaziy saylov komissiyasiga saylovlarni o‘tkazishda texnik ko‘mak berish niyatidamiz va jarayonni yaqindan kuzatib boramiz. Demokratiya bir evolyutsiya demakdir va u to‘g‘ri yo‘nalishga ega bo‘lishi juda muhimdir. Biz buni O‘zbekistondan kutib qolamiz”, — deydi AQSHning O‘zbekistondagi elchisi.