Jizzax viloyati prokuraturasi va DXX xodimlari Jizzax shaxar hokimining moliya iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Oybek Nurmatovni pora bilan qo‘lga olishdi. Bu haqda Yoshlar telekanali xabar bermoqda.

U bir vaqtning o‘zida shahar iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi hisoblanadi. Nurmatov shahardagi ijtimoy soha ob’ektlarida amalga oshiriladigan qurilish ta’mirlash ishlari bo‘yicha o‘tkaziladigan tender savdolarini olib berish evaziga tadbirkordan 2000 AQSH dollari talab qilgani aytilmoqda.

Foto: Videodan lavha.

6 may kuni soat 20:00 atrofida Jizzax shahri Jizzaxlik mahallasi hududida Oybek Nurmatov 2000 dollarni o‘zi boshqaruvidagi Gentra rusumli avtomashinasining orqa yuk qismiga tashlab qo‘ygan holda olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

«Gazeta.uz» Jizzax shahri hokimligidan aniqlik kiritishicha, Oybek Nurmatov Jizzax shahar moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlaydi. Kadrlar yetishmovchiligi sabab unga shahar hokimining birinchi o‘rinbosari vazifalari vaqtincha yuklatilgan bo‘lgan. Unga qadar mazkur lavozimda faoliyat yuritgan Zafar Irgashev bir oy oldin ishdan ketgan va ayni shu sabab shahar hokimligi saytidagi birinchi o‘rinbosar lavozimida eski ma’lumotlar saqlanib qolgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.