Davlat soliq qo‘mitasi birlashgan kasaba uyushmasi vakillari hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev uchrashdi, deya xabar bermoqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati.

«Muzokaralar davomida yuzaga kelgan vaziyat muhokama qilindi. Har ikki tomonning ham maqsadi va maslagi birligi, ya’ni mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz turmush farovonligi yo‘lida xizmat qilish ekanligi ta’kidlandi. Masalani sudgacha olib bormasdan, to‘xtatishga qaror qilindi», — deyiladi qo‘mita xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Davlat soliq qo‘mitasi va birlashgan kasaba uyushmasi «Rasul Kusherbayevning Human.uz axborot portalidagi „So‘z blogerlarga“ ko‘rsatuvida aytgan haqoratomuz so‘zlari» uchun uning ustidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritgan edi.

Deputatning hatti-harakatlari soliq organlariga 4,6 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazganligi da’vo qilingandi.