Elektron raqamli imzo bilan ishlash tizimini takomillashtirish, davlat xizmatlari portalining mobil ilovasini rivojlantirish, qolaversa nogironligi bo‘lgan shaxslarga to‘lovlarda chegirma berish rejalashtirilmoqda.

Bu borada prezident Shavkat Mirziyoyev 10 may kuni davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi islohotlar natijadorligiga oid taqdimot vaqtida Adliya vaziri Ruslanbek Davletov hamda Davlat xizmatlari agentligi direktori Ulug‘bek Muhammadiyevga topshiriqlar bergan.

Chapdan o‘ngga: Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, DXA direktori Ulug‘bek Muhammadiyev.

Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, taqdimotdan so‘ng ishlar tez suratlarda boshlab yuborilgan. Hozirda mutaxassislar tomonidan davlat xizmatlaridan foydalangan nogironlarga to‘lovlar uchun chegirmalar berish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi tayyorlanmoqda.

Bundan tashqari, taqdimot davomida xizmatlar sonini ko‘paytirishga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Ta’kidlash joiz, DXA endi ish boshlanida xizmat turlari 37 ta bo‘lgan, hozirgi kunga kelib bu ko‘rsatkich 157 taga yetgan. Aholiga kuniga o‘rtacha 57 mingtadan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda.

Buning uchun 117 ta qonun hujjatlari ishlab chiqilib, soha isloh qilindi. 70 dan ziyod davlat xizmati soddalashtirildi. Talab etiladigan hujjatlar soni 221 tadan 95 taga, xizmat ko‘rsatishning umumiy muddati qariyb 500 kundan 271 kunga qisqartirildi.

Hududlarda davlat xizmatlari markazlari uchun 145 ta yangi bino va 115 ta filial barpo etildi. Fuqarolik holati dalolatnomalari arxividagi 60 million dona qog‘oz shaklidagi ma’lumotlar to‘liq raqamlashtirildi, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, xizmatlar qamrovi va tezkorligini oshirish uchun hal etilishi lozim bo‘lgan muammolar ham yo‘q emas.

Misol uchun, zarur ma’lumotlar to‘liq raqamlashtirilmagani sababli atigi 11 foiz xizmatlar elektron shaklda ko‘rsatilmoqda. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasi orqali 30 turdagi xizmat ko‘rsatish mumkin, xolos. Undan atigi 11 tasi interaktiv xizmatlar. Elektron identifikatsiya tizimi hamda elektron raqamli imzo bilan ishlash rivojlanmagan.


Taqdimotda xorijiy tajriba asosida, shu yil yakunigacha davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar sonini 200 taga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Barcha 716 ta davlat xizmatini inventarizatsiya qilib, ularning muddatlari, to‘lov miqdorlari, shartlari va boshqa talablarini soddalashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

«Davlat idoralarining xalqimizga xizmati odamlarni rozi qilishning asoslaridan biri. Qaysi qishloqda, mahallada qaysi xizmatga ehtiyoj borligiga qarab, shunga sharoit yaratish kerak. Qaysi xizmatlarni arzonlashtirish, qaysilarini bepul qilish masalasini tahlil etib, aholiga yengillik va qulaylik yaratish zarur», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Idoralararo integratsiya darajasini oshirish, buning uchun davlat xizmatlari uchun to‘lovlarning 20 foizini tashkilotlarning axborot texnologiyalari tizimini rivojlantirishga yo‘naltirish, qog‘oz shaklidagi arxiv hujjatlarini raqamlashtirish zarurligi ta’kidlandi.