Dushanba kuni an’anaga muvofiq o‘tkazilgan brifingda, prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov shu hafta davlat rahbarining ish grafigidan o‘rin olgan tadbirlar haqida axborot berdi.

Uning ta’kidlashicha, haftaning ilk kunida davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi islohotlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot o‘tkaziladi.

«Shuningdek, hafta davomida sog‘liqni saqlash sohasida raqamlashtirish jarayonlari hamda davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor o‘tkazilishi mo‘ljallangan», — dedi Asadov.


Hafta mobaynida prezident xalqaro ahamiyatdagi tadbirlarda ham ishtirok etishi kutilmoqda. «Bu hafta prezidentimiz Yaponiya yetakchisi hamda mintaqamiz mamlakatlari rahbarlari bilan muloqotlar o‘tkazishi rejalashtirilgan», — dedi uning matbuot kotibi.

Davlat rahbari shuningdek, Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi qarorga imzo chekishi ham kutilmoqda.