Xalq deputatlari Buxoro shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Jamol Nosirov shahar hokimi lavozimiga tasdiqlandi. Bu haqda Buxoro viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

U 2005 yili Buxoro davlat universitetining jismoniy madaniyat va jismoniy tarbiya o‘qituvchisi, psixolog mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 2008 yili esa universitetning magistraturasini tugatgan.

Bir muddat «Kamolot» YOIH Buxoro viloyat Kengashi raisi lavozimida ham mehnat qilgan.

Shundan so‘ng 27-Jilvon saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputat etib saylangan edi. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasining fraksiyasi a’zosi bo‘lgan.

2017 yildan 2020 yilga qadar Buxoro viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Tayinlovga qadar madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. Avvalroq, Jamol Nosirovning boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan lavozimidan ozod etilgani haqida xabar berilgan edi.