3 may kuni Sirdaryo viloyat IIB va DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Guliston shahrida yashovchi B.N. (1981 y.t.) va uning ovsini I.M. (1984 y.t.) hech qanday rasmiy diniy ma’lumotga ega bo‘lmasdan turib, 9 nafar voyaga yetmagan maktab o‘quvchilari va 6 nafar ayol-qizlarga xujra sifatida noqonuniy diniy ta’limdan dars berib kelayotganligi aniqlandi. Bu haqda Sirdaryo viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur voyaga yetmagan o‘rta maktab o‘quvchilari pandemiya sababli onlayn tarzga o‘tkazilgan darslarga ishtirok etmasdan, muntazam ravishda yashirin xujrada diniy saboq olib kelishgan.

Ushbu xujrada ta’lim bergan I.M. ning mobil telefoni mutaxassislar tomonidan ko‘zdan kechirilgan va uning xotirasida noma’lum shaxslarning diniy ma’ruzalari mavjudligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan, ichki ishlar organlari tomonidan mavjud qonunchilik doirasida tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, deyiladi xabarda.