Toshkentda koronavirus holatlari tasdiqlangani sababli 35 ta oliy ta’lim muassasasi ikki haftaga karantinga yopildi, deya xabar qildi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati poytaxt boshqarmasi vakili Nodira Sultonmurodova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 15 ta o‘rta maxsus ta’lim muassasasi, 132 ta maktab, 22 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, uchta davolash-profilaktika muassasasi va ikkita xizmat ko‘rsatish ob’ekti ham 14 kunga yopildi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, Toshkentda har kuni COVID-19 mavjudligini aniqlash uchun 8000 laboratoriya tekshiruvi o‘tkazilib, 2,5−3,5% hollarda virus tasdiqlanmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, faqatgina 2 may kuni poytaxtda 188 kishida koronavirus (butun O‘zbekiston bo‘ylab 363) aniqlangan.

Avvalroq “Gazeta.uz” Toshkent viloyati va Samarqand shahridagi maktablar va bolalar bog‘chalari karantinga yopilgani haqida yozgan edi.