4 may kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar «Reklama to‘g‘risida"gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqishdi, deya xabar berdi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.

Yangi qonun loyihasiga ko‘ra reklama bozori ishtirokchilariga keng imkoniyatlar yaratish borasida muayyan munosabatlarni tartibga soluvchi, cheklovchi normalar kiritilmoqda.

Qonun loyihasi bilan mobil aloqa tarmog‘i orqali reklama tarqatilishiga faqat iste’molchining roziligi bilan yo‘l qo‘yilishi, dori vositasini taniqli shaxs, tibbiyot xodimi yoki tashqi ko‘rinishi shifokorning tashqi qiyofasiga o‘xshash shaxs ishtirokida reklama qilish, shuningdek, alkogol mahsulotlari reklamasi ta’qiqlanmoqda.

Shuningdek, tarkibida shakar, tuz va yog‘ miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini reklama qilishni ham ta’qiqlash ko‘zda tutilyapti.

Deputatlar tomonidan qonunchilikka internet reklama tushunchasini kiritish, milliy qonunchilikning tatbiq etiladigan hududini aniqlash, O‘zbekistonda internet reklamani joylashtirishni tartibga solish mexanizmini aniqlab olish takliflari kiritildi.

Majlisda qonun loyihasi birinchi o‘qishda deputatlar tomonidan qabul qilindi.