Fransiya Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabi (ENAC) bilan birgalikda Toshkent davlat transport universiteti tarkibida Fuqaro aviatsiyasi uchuvchilarini tayyorlash maktabi tashkil etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning 30 apreldagi «Fuqaro aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida so‘z boradi.

Maktabda ta’lim faoliyati 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi hamda dastlab qo‘shma ta’lim dasturlari (double degree) asosida «Havo kemalarining parvoz ekspluatatsiyasi» bakalavr ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash tashkil etiladi.

Maktabda talabalar o‘qishi uchun to‘lov-kontrakt miqdori Fransiyaning Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabi bilan kelishilgan holda Toshkent davlat transport universiteti tomonidan belgilanadi.

Maktab bitiruvchilariga Fransiyaning Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabining belgilangan namunadagi diplomi beriladi va u O‘zbekistonda oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladi.