O‘zbekistonda aeroportlar, temir yo‘l va avtobus vokzallari binolariga kirib-chiqish soddalashtiriladi. Bu O‘zbekiston prezidentining 30 apreldagi «Fuqaro aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida o‘z aksini topdi.

Hujjatda qayd etilishicha, mazkur qaror aerovokzal, temir yo‘l va avtobus vokzallarida yo‘lovchi hamda tashrif buyuruvchilar uchun zamonaviy talablar asosida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash, kirib-chiqishni soddalashtirish, zarur sharoitlar yaratish hamda vokzallar va ularga tegishli hududda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida qabul qilindi.

Qaror bilan vokzallar binolariga tashrif buyuruvchilarning xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda kirib-chiqishlariga ruxsat berish rejalashtirilmoqda.

Vokzallar va ularga tegishli hududlarda umumiy ovqatlanish joylarini tashkil etish, chakana savdo hamda xizmat ko‘rsatish faoliyatini tashkil etishga ruxsat berish tartibini soddalashtiriladi.

Xalqaro aeroportlar hududida barcha turdagi yo‘lovchi avtotransport vositalariga aeroportlarning estakadasidan foydalanishga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, vokzallarning asosiy tekshiruv punktlari kirish joylaridagi birlamchi nazorat-tekshiruv postlari bilan birlashtiriladi.

Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Transport vazirligiga uch oy muddatda mutasaddi idoralar vakillaridan iborat tarkibda Respublika komissiyasini tuzgan holda, vokzallar binolari va ularga tegishli hududlarda xavfsizlikni ta’minlash tartiblarini ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.

Mazkur tuzilmalar vokzallar binolari va ularga tegishli hududlarda xavfsizlikni ta’minlashning zamonaviy texnik nazorat vositalari (transport va shaxsni aniqlash vositalari) va usullari bilan to‘liq ta’minlab borish choralarini ko‘radi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Toshkent xalqaro aeroportiga kirib borishdagi anchadan beri yopiq yotgan estakada yo‘li ochilishi kutilayotganini ma’lum qilgan edi.