Namangan viloyatida 2 yoshli bola avtomashina tagida qolib ketishi oqibatida vafot etgan. Bu haqda Namangan viloyati IIB Axborot xizmati xabar bermoqda.

25 aprel kuni soat 12:45 larda, Namangan shahrida yashovchi 1978 yilda tug‘ilgan fuqaro «KIA BONGO III» rusumli avtomashinasini Yangiqo‘rg‘on tumanida yakka tartibdagi xususiy tadbirkor bo‘lib ishlovchi, 1988 yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadoniga haydab kelgan. Haydovchi avtomashina yukxonasida bo‘lgan muzqaymoqlarni tushirib, qaytib ketish maqsadida, transport vositasini orqa tomonga harakatlantirgan vaqtida, uyning orqa tomonida bo‘lgan uy egasining 2 yoshli o‘g‘lini bosib yuborgan.

Natijada, bola voqea joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi TB tomonidan O‘z.R JKning 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq, Namangan viloyatida 8 yoshli bola, 5 yoshli qizaloq hamda 6 yoshli bola YTH oqibatida vafot etgani haqida xabar berilgan edi.