Nazarboyev Qozog‘iston xalqi Assambleyasini boshqarish huquqini Tokayevga topshirishga qaror qildi

Qozog‘iston birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston xalqi Assambleyasini (QXA) boshqarish huquqini amaldagi davlat rahbari Qosim-Jomart Tokayevga topshirishga qaror qilganini e’lon qildi. «Men QXAni umrbod boshqarish huquqiga egaman. Shu bilan birga, bir qator vakolatlar mamlakat prezidentiga yuklatilgan. Barcha masalalar bir qo‘lda bo‘lishi kerak. Men QXAni boshqarish huquqimni prezident Qosim-Jomart Kemelevich Tokayevga topshirishga qaror qildim», — dedi Nazarboyev 29-sessiya yig‘ilishi paytida. Tokayev o‘z navbatida Nazarboyevga QXAning faxriy raisi bo‘lishni taklif qildi. «Sizga, hurmatli Nursulton Abishevich, assambleyaning faxriy raisi bo‘lish haqidagi umumiy taklifimizni qabul qilish iltimosi bilan murojaat qilaman. Ushbu maqom sizning xalqimiz va davlatimiz oldidagi tarixiy xizmatlaringiz tufayli haqli ravishda sizga tegishli. Ishonamanki, barcha Assambleya a’zolari ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlaydi», — dedi Tokayev. — Qozog‘iston birinchi prezidentining veb-sahifasi.

Qozog‘iston xalqi Assambleyasi konsultativ va maslahat organi bo‘lib, respublikada yashovchi barcha millat va xalqlar vakillarini birlashtiradi. QXAni yaratish g‘oyasini 1992 yilda Nursulton Nazarboyev ilgari surgan va u uning doimiy raisi bo‘lgan.

2019 yil 19 martda Nursulton Nazarboyev respublika telekanallari jonli efirida xalqqa murojaat qilib, prezidentlik vakolatini topshirganini e’lon qilgan edi.


AQSH Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqib ketmoqda, ammo mamlakatni tark etmayapti — AQSH Davlat kotibi

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, Afg‘onistondagi fuqarolar urushining qayta boshlanishidan hech kim manfaatdor emas, garchi bu ssenariy mumkin bo‘lsa ham. Uning ta’kidlashicha, qo‘shni davlatlar tinchlikni saqlab qolish uchun Afg‘onistondagi ta’siridan foydalanadimi yoki yo‘qmi degan qarorga kelishlari kerak. «Hech kim Afg‘onistondagi fuqarolar urushini tiklashdan manfaatdor emas — na Afg‘oniston xalqi, na Afg‘oniston hukumati yoki Tolibon. Va, albatta, Afg‘onistonga qo‘shni davlatlarning hech biri. So‘nggi 20 yil ichida bir chetda qolib ketgan qo‘shnilar, shu qatorda mintaqadagi boshqa mamlakatlar tinchlikni saqlab qolish uchun o‘z ta’siridan foydalanishga harakat qiladimi yoki yo‘qmi degan qarorga kelishlari kerak, — dedi Entoni Blinken. Uning ta’kidlashicha, AQSH Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqib ketmoqda, ammo mamlakatni tark etmayapti. AQSH Davlat kotibi, shuningdek, mamlakat Afg‘onistonda AQSHga ishlagan afg‘onlar (tarjimonlar, muhandislar, mahalliy sheriklar, ularning oilalari — jami 18 ming kishi) va o‘z hayotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid his qilayotganlar maxsus viza dasturi asosida AQSHga ko‘chib o‘tishini ta’minlashga harakat qilayotganini ta’kidladi. — Gazeta.uz

AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzodning ta’kidlashicha, Tolibonlar muzokara jarayoniga to‘sqinlik qilsa va Afg‘onistondagi hokimiyatni egallab olishga harakat qilsa, xalqaro sanksiyalar va izolyatsiyaga duch keladi.

1 maydan boshlab AQSH Afg‘onistondan o‘z harbiylarini olib chiqishni boshlaydi va bu jarayonni 11 sentyabrgacha yakunlashni rejalashtirmoqda.


Kipr hukumati noqonuniy ravishda 3,5 mingta «oltin pasport» bergan — maxsus komissiya

Kipr hukumati «sarmoya evaziga Yevropa Ittifoqi fuqaroligi» doirasida investorlarning qarindoshlariga noqonuniy ravishda 3,5 ming dona pasport bergan, deya yozadi AR maxsus komissiya bayonotiga tayanib. Komissiya Kipr hukumati 6779ta «oltin pasport»dan yarmidan ko‘pini investorlarning voyaga yetgan qarindoshlariga berilganligini aniqladi. Ta’kidlanishicha, bunga ruxsat beruvchi qonunlar mavjud emas. Xabarda aytilishicha, bu holatda Kipr hukumati qonunlarni noto‘g‘ri talqin qilgan. Qonunning yana bir noto‘g‘ri talqin qilinishi hukumatga xorijiy va mahalliy kompaniyalar rahbariyatiga pasport berishga imkon berdi, garchi bu odamlar o‘zlari mamlakat iqtisodiyotiga mablag‘ kiritmagan bo‘lsalar ham. Komissiya xulosasiga ko‘ra, kompaniya rahbarlarini investor deb hisoblash mumkin emas, chunki ular boshqaradigan kompaniyalarga egalik qilishmaydi. Maxsus komissiya, shuningdek, Ichki ishlar va Moliya vazirliklari arizalarni qo‘rib chiqish jarayonida xatolikka yo‘l qo‘yganini aniqladi. — Associated Press.

O‘tgan yilning 1 noyabridan boshlab Kipr «oltin pasport» dasturini bekor qilgan.


Rossiya Boltiqbo‘yi davlatlari va Slovakiya diplomatlarining mamlakatdan chiqarib yuborilishi haqida e’lon qildi

Rossiya o‘zaro munosabat tamoyili asosida Litvaning Moskvadagi elchixonasining ikki nafar xodimini, Estoniya va Latviya elchixonalarining har biridan bir nafardan xodimini mamlakatdan chiqarib yubormoqda, deya xabar berdi Rossiya TIV. Ularga Rossiyani tark etish uchun yetti kun berildi. Shuningdek, Moskvadagi Slovakiya elchixonasining uch nafar xodimi mamlakatdan chiqarib yuboriladi, ularga 5 mayga qadar vaqt berildi.

23 aprel kuni Latviya, Litva, Estoniya tashqi ishlar vazirliklari hamda Slovakiya Chexiya bilan birdamlik sifatida Rossiya elchixonalari xodimlarini mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qilgani haqida xabar bergan edik. Jami bo‘lib Rossiyaning 7 nafar diplomati ushbu davlatlardan chiqarib yuboriladi — bir nafardan Latviya va Estoniyadan, ikki nafari Litvadan va uch nafari Slovakiyadan.


Sloveniya poytaxtida hukumat iste’fosi uchun ommaviy miting bo‘lib o‘tdi

28 aprel kuni kechqurun respublika parlamenti oldidagi maydonda Sloveniya hukumatiga qarshi norozilik namoyishida bir necha yuz kishi qatnashdi. TASSning yozishicha, yig‘ilganlar Vazirlar Mahkamasini iste’foga chiqarishga va Respublika davlat majlisiga (parlamentning quyi palatasiga) muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishga chaqirishgan. Ularning aksariyati bosh vazir Yaneza Yanshuni korrupsiya, koronavirus pandemiyasi va aholining fuqarolik huquqlarini buzish bilan samarasiz kurashda ayblagan shiorlar yozilgan plakatlarni ushlab turishgan. Sloveniyada amaldagi cheklovlarga qaramay, politsiya namoyishchilarni hibsga olmagan. — TASS.


Fransiya harbiylari mamlakat prezidentini irqiy urush xavfi haqida ogohlantirdi

Iste’fodagi fransuz generallari va zobitlari mamlakat prezidenti Emmanuel Makronga ochiq xat bilan chiqishdi, unda ular irqiy urush va davlat to‘ntarishi xavfi haqida ogohlantirdi. Bu haqda Interfaks Valeurs actuelles’ga tayanib xabar bermoqda. Ushbu maktubda yuzdan ortiq fransiyalik iste’fodagi general va zobitlar Fransiya konstitutsiyasiga zid bo‘lgan diniy aqidaparastlardan kelib chiqadigan «tartiblar» fuqarolar urushiga olib kelishi xavfi haqida ogohlantirmoqda. Shuningdek, ular Makron harakatsiz qolsa, davlat to‘ntarishi sodir bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda. «Ko‘rib turganimizdek, kechiktirishga vaqt yo‘q, aks holda ertaga ichki urush bu o‘sib borayotgan betartiblikka chek qo‘yadi va siz javobgar bo‘ladigan o‘limlar soni minglab hisoblana boshlaydi», deya xulosa qildi iste’fodagi harbiylar. OAVda e’lon qilingan murojaat o‘ta o‘ng lideri Marin Le Pen hamda mingga yaqin faol armiya zobitlari va askarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, deya keltiradi Interfaks BBC News xabaridan. Qurolli Kuchlar vaziri Florens Parli, Qurolli Kuchlar a’zolariga siyosiy yoki diniy mavzularda fikr bildirish taqiqlanganligini eslatdi, deya yozmoqda nashr. «Qoidabuzarlarga qarshi sanksiyalarni qo‘llash rejalashtirilmoqda», — deya qo‘shimcha qildi Parli. — Interfaks.