Quddusda taroveh namozidan so‘ng boshlangan tartibsizliklarda 100 dan ortiq falastinliklar jarohat oldi

22 aprel kuni Quddusning eski shahrida Damashq darvozasi oldida politsiya arab va yahudiy yoshlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarning oldini olishga harakat qilganda tartibsizliklar boshlandi. Isroil politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi to‘qnashuvlar taroveh namozi tugaganidan so‘ng yuzlab yosh falastinliklar Eski shaharning Damashq darvozasi oldida namoyish uyushtirib, politsiyaga tosh otishni boshlaganlar. Shu paytda, o‘ta o‘ng qanotli Lehava harakati vakillari (yosh isroilliklar) “arablarni to‘xtatish va kimning shahri ekanligini eslatish uchun” to‘qnashuv joyiga kelishdi, deyiladi xabarda. Jerusalem Post’ning yozishicha, yuzlab yosh isroilliklar u yerga “terrorchilarga o‘lim” va “arablarga o‘lim” deb yozilgan plakatlar bilan kelishib, politsiya qurshovini buzib o‘tishga harakat qilishgan. OAVning xabar berishicha, falastinliklar Isroil politsiyasi va Levaha harakatining vakillariga tosh va shishalar o‘tishgan. Politsiya xodimlari olomonni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizadigan gaz, shovqinli granatalar va suv purkagichlardan foydalangan.

“Kecha Quddus shahridagi to‘qnashuvlarda jarohat olganlarning umumiy soni 105 nafarni tashkil etdi, ulardan 22 nafari kasalxonaga yotqizilgan [falastinliklar]. Shifoxonaga yotqizilganlarning hammasi o‘rtacha darajadagi jarohatlar olgan”, — deyiladi Qizil yarim oyi xabarida. Isroil politsiyasi tartibsizliklar natijasida 50 dan ortiq odam hibsga olinganligini, shuningdek, politsiyaning 20 nafar xodimi jarohat olganini ma’lum qildi. — RIA Novosti.

TASSning yozishicha, Ramazon oyi boshlanishi bilan Sharqiy Quddusda falastinliklar va Isroil politsiyasi o‘rtasida to‘qnashuvlar kuzatilmoqda.


AQSHning Iroqdagi bazasiga raketa hujumi uyushtirildi

Iroqda AQSH harbiylari joylashgan Viktoriya bazasi yaqiniga bir necha raketalar uchirildi. Baza Bag‘dod xalqaro aeroporti yaqinida joylashgan. Shafaq News’ning manbasiga ko‘ra, “noma'lum shaxslar Bag‘dod xalqaro aeroportidagi harbiy bazaga uchta raketa uchirishgan”. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum natijasida hech kim jabrlanmagan. Shuningdek, C-RAM maxsus tizimi raketalarni yo‘q qila olmagani va aniqlay olmagani ta’kidlanmoqda. Hozirda, Iroq harbiy kuchlari raketa hujumi qilingan joyni qidirmoqda. — Shafaq News.

Qo‘shimcha ma’lumot uchun, AQSHning Iroqdagi qo‘shinlari sonini qisqartirishni rejalashtirmayotgani ma’lum bo‘ldi. AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi rahbarining ta’kidlashicha, Iroq hukumati bunday talabni qo‘ymagan.


Afg‘oniston mamlakatdan chiqib ketayotgan chet el qo‘shinlarining qurollarini olib qolishni rejalashtirmoqda

Afg‘oniston hukumati AQSH va NATO mamlakatdan qo‘shinlarni olib chiqib ketayotganda respublika armiyasiga qurol va harbiy texnikani qoldirib ketishini kutmoqda. “Bizga bu qurol va uskunalar kerak va ularni AQSH bizga topshirishini istardik”, dedi Afg‘oniston Mudofaa vazirligi vakili Favad Aman. Shu bilan birga, NATO missiyasi qo‘mondonligi afg‘on qurolli kuchlariga qurol-yarog‘ va texnikani topshirishga tayyor yoki tayyor emasligini hali e’lon qilmaganligini ta’kidladi. Afg‘oniston OAVning xabarlariga ko‘ra, Qobul mahalliy hukumati AQSH va NATOga o‘zlari bilan qurol olib ketmaslik haqida rasmiy iltimos bilan murojaat qilishni rejalashtirmoqda.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, AQSH qurollarining bir qismi 2014 yilda yo‘q qilingan. Bundan tashqari, ularning so‘zlariga ko‘ra, harbiy texnika ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangani sababli AQSH va NATO ularni qoldirib ketmasligi mumkin. — Interfaks.

AQSH 1 maydan boshlab Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini bosqichma-bosqich olib chiqishni boshlaydi va bu jarayonni 11 sentyabr qadar yakunlash rejalashtirilgan. Shuningdek, bunday qarorni NATO, Buyuk Britaniya, Gruziya, Bolgariya qabul qilishdi.


Myanma harbiy hukumati 26 muxolifat yetakchisini hibsga olishga order berdi

Myanma harbiy hukumati o‘zlarini milliy birlik hukumati vazirlari deb e’lon qilgan 26 nafar muxolifat yetakchilarini hibsga olishga orderlar berdi. Milliy birlik hukumati Myanmadagi harbiy to‘ntarishga qarshi bo‘lgan kuchlarni birlashtirishga chaqirgan. Amaldagi hukumat uni noqonuniy tashkilot deb e’lon qilib, ushbu tashkilotning barcha 26 a’zosiga sirtdan xiyonat qilish ayblovini qo‘ydi. Buning uchun Myanma qonunlariga ko‘ra ular o‘lim jazosiga qadar jazoga tortilishi mumkin. Milliy birlik hukumati 16 aprelda tashkil etilgan. Uning tarkibiga asosan muxolifatdagi Demokratiya uchun Milliy liganing qolgan rahbarlari kirdi.

21 aprel holatiga ko‘ra 739 kishi, shu qatorda bolalar namoyishlar paytida vafot etdi. Hukumatga qarshi harakatining 3,3 mingdan ortiq ishtirokchilari hibsga olingan, ulardan 76 nafari qamoq jazosiga hukm qilingan. 1059 namoyishchini hibsga olish to‘g‘risida order berilgan. — Kyodo.

1 fevral kuni Myanmada harbiylar hukumat rahbarlari hibsga olingani va mamlakatda bir yilga favqulodda holat joriy etilgani haqida e’lon qilgan edi.


Boltiqbo‘yi davlatlari rossiyalik diplomatlarni mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qilishdi

Latviya, Litva, Estoniya Tashqi ishlar vazirliklari, hamda Slovakiya Chexiya bilan birdamlik sifatida Rossiya elchixonalari xodimlari mamlakatdan chiqarib yuborilishi haqida e’lon qilishdi.

Jami bo‘lib Rossiyaning 7 nafar diplomati ushbu davlatlardan chiqarib yuboriladi — bir nafardan Latviya va Estoniyadan, ikki nafari Litvadan va uch nafari Slovakiyadan. Rossiya TIV Boltiqbo‘yi davlatlarining ushbu harakatlarini javobsiz qoldirmasligini ma’lum qildi.

22 aprel kuni Rossiyaning Pragadagi elchixonasining 63 xodimi Chexiya Respublikasini tark etishi kerak, deya ma’lum qildi Chexiya tashqi ishlar vaziri Yakub Kulganek. Shunday qilib, 31 mayga qadar Rossiyaning Chexiyadagi va Chexiyaning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalarida bir xil sonda, ya’ni yetti nafar diplomat va 25 nafar ma’muriy va texnik xodimlari qoladi.

18 aprel kuni Chexiya Rossiya elchixonasining 18 nafar xodimini mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qilgan edi. Bunga javoban Rossiya TIV tomonidan Chexiya elchixonasining 20 nafar xodimi “persona non grata” deb e’lon qilingan.