Buyuk Britaniya pandemiyalarga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro guruh yaratilishini e’lon qildi

Buyuk Britaniya yangi pandemiyalarga samarali kurash olib boradigan xalqaro ekspertlar guruhi tashkil etilganligini e’lon qildi. Xabarga ko‘ra, G7 homiyligida yaratilgan Pandemiyaga tayyorgarlik bo‘yicha sheriklik (PPP) doirasida iyun oyida bo‘lib o‘tadigan G7 Yetakchilar sammitida 100 kun ichida yangi viruslarga qarshi vaksinani yaratish maqsadiga erishish bo‘yicha tavsiyalar beriladi. «Buyuk Britaniya sheriklarimiz bilan koronavirusdan yaxshiroq himoya qilish va kelajakdagi pandemiyalarga qarshi global tayyorgarlikni kuchaytirish bo‘yicha ish olib boradi. Ushbu yangi ekspertlar guruhi ko‘p yillar davomida dunyoning barcha burchaklarida paydo bo‘ladigan kasalliklardan odamlarni himoya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizga hissa qo‘shadi», — dedi Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri Mett Xenkok. PPP ishiga Buyuk Britaniya hukumatining katta ilmiy maslahatchisi Patrika Vallans rahbarlik qiladi va unga AstraZeneca, Pfizer va Johnson & Johnson kabi farmatsevtika kompaniyalari rahbarlari yordam beradi. — Reuters.

Avvalroq AQSH prezidenti Jo Bayden insoniyat duch keladigan navbatdagi pandemiyaga hozirdanoq tayyorgarlik ko‘rish zarurligini aytgan edi. «Yana bir pandemiya bo‘ladi. Va biz bunga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak», — dedi u. Bayden bunday pandemiyalar uning ma’muriyati aniq ishlashi kerak bo‘lgan dolzarb masalalardan biri ekanligini ta’kidlagan edi.


Ukrainadagi maxsus xizmatlar shay holatga keltirildi

Ukrainaning barcha hududlaridagi Xavfsizlik xizmati (SBU) xodimlari yuqori shay holatga keltirildi va aksariyat viloyatlarda terrorizmga qarshi mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Bu haqda seshanba kuni SBU spikeri Artem Dextyarenko ma’lum qildi. «Bugungi kunda SBU zobitlari nafaqat chegara hududlarida, balki butun mamlakatda yuqori darajadagi tayyorgarlik holatiga keltirilgan. Xizmatning kontrrazvedka va tezkor-qidiruv tarkibiy qismlari kuchaytirildi. Mamlakatning aksariyat hudularida SBU keng miqyosli terrorizmga qarshi mashg‘ulotlarni o‘tkazadi», — dedi u. Spikerning so‘zlariga ko‘ra, «Rossiya Federatsiyasi bilan qurolli qarama-qarshilikning kuchayishi va Rossiya tomonidan tajovuzkor ritorikaning kuchayishi» SBUni «yetarli darajada qarshi choralar ko‘rishga» undamoqda. — Ukrinform.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba 20 aprel kuni Rossiya yaqinda Ukraina bilan chegara hududida 120 mingdan ortiq harbiy xizmatchilarini joylashtirishini aytdi. «Rossiya qo‘shinlari shimoliy-sharqda, sharqda va janubda bizning chegaralarimizga yaqinlashishda davom etmoqda. Taxminan bir hafta ichida ularning umumiy soni 120 mingdan oshishi kutilmoqda», — dedi Kuleba onlayn matbuot anjumanida. Yevropa Ittifoqi bosh diplomati Jozep Borrel 19 prel kuni Rossiya Ukraina va Qrim bilan chegara hududida 150 mingdan ortiq qo‘shin joylashtirganini aytdi. Keyinchalik ushbu ma’lumot 150 mingdan 100 mingga o‘zgartirildi.


Qirg‘izistonda maktab imtihonlari bekor qilindi

Qirg‘izistonda maktablarda davlat imtihonlari o‘tkazilmaydi, baholar chorak ballari asosida qo‘yiladi. Bu haqda Ta’lim va fan vazirligi Maktab ta’limi boshqarmasi 24.kg axborot agentligiga ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, bu qaror koronavirus epidemiyasi bilan bog‘liq vaziyatda qabul qilingan. «O‘tgan yili bolalar kasal bo‘lmagan, bu yil nafaqat o‘qituvchilar, balki o‘quvchilar ham kasal bo‘lishmoqda. Imtihonlar 2 iyunda boshlanadi, o‘sha paytgacha vaziyat qanday bo‘lishini bilmaymiz. Biz ularning sog‘lig‘i haqida qayg‘uramiz», — deyiladi xabarda. Boshqarmaning ta’kidlashicha, bahsli fikrlar bo‘lsa, ballar oshirilib, maktab o‘quvchilari foydasiga qo‘yiladi. O‘tgan yili koronavirus virusining tarqalishi sababli yakuniy davlat attestatsiyasi ham bekor qilingan edi. — 24.kg


Niderlandiyada 28 apreldan boshlab komendantlik soati bekor qilinadi

Niderlandiya 28 apreldan boshlab koronavirus pandemiyasi fonida qo‘yilgan bir qator cheklovlarni yumshatadi. Shuningdek, komendantlik soati bekor qilinadi. «Komendantlik soati bekor qilinadi, do‘konlar va bozorlar qayta ochilishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, ayvonlar ochilishi mumkin, ammo ular faqat soat 12:00 dan 18:00 gacha ishlashi mumkin», deya xabar bermoqda TASS mahalliy OAVga tayanib. Shu bilan birga, tajriba doirasida butun mamlakat bo‘ylab o‘tkaziladigan konsertlar, spektakllar va futbol o‘yinlari kabi sinov-ommaviy tadbirlarga ma’lum cheklovlar qo‘yiladi. Reanimatsiya bo‘limlaridagi bemorlar soni 900 nafardan oshsa, ular ham bekor qilinadi. — TASS.


Floyd ishi bo‘yicha hukm e’lon qilingandan keyin 250 ga yaqin milliy gvardiya zobitlari Vashingtonni qo‘riqlaydi

AQSH milliy gvardiyasi taxminan 250 nafar askarini Vashingtonni qo‘riqlashga yuboradi. Bunga 2020 yilda qora tanli Jorj Floydni hibsga olish paytida uni o‘ldirgan sobiq politsiya xodimi Derek Shovinga nisbatan hukm e’lon qilinishi bilin bog‘liq noroziliklar tahdidi sabab bo‘ldi. «Kolumbiya okrugi gvardiyasi ehtimoliy namoyishlarga javoban 250ga yaqin huquq-tartibot xodimlarini jo‘natmoqda», deyiladi bayonotda. Avvalroq, sud jarayoni bo‘lib o‘tayotgan Minneapolis (Minnesota) ma’muriyati Floydning o‘limi bo‘yicha sud hukmi chiqqunga qadar xavfsizlik choralarini kuchaytirgan edi. OAVga ko‘ra, shaharda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari soni sezilarli darajada oshirilgan, 3 ming Milliy gvardiya jangchilari jalb etilgan va sud binosi yonida beton konstruksiyalar o‘rnatilgan. — TASS.

Ma’lumot uchun, 25 may kuni Jorj Floydni do‘konda 20 dollarlik soxta chekdan foydalanishda gumon qilinib, politsiya tomonidan qo‘lga olinayotganida vafot etgan edi. Politsiya hodimi Derek Shovin qasddan odam o‘ldirishda ayblandi. Floydning o‘limi dastlab AQSHning ko‘plab shaharlarida, keyinchalik boshqa mamlakatlarda irqchilik va politsiya shafqatsizligiga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi.


«Vatanga xiyonat» yozuvi Chexiya prezidentining qarorgohida tasvirlandi

«Vatanga xiyonat» yozuvi Chexiya prezidenti Milosh Zemanning rasmiy qarorgohi bo‘lgan Praga qal’asida tasvirlandi. «Kechasi „vatanga xiyonat“ yozuvi Praga qal’asining saroy majmuasida noma’lum shaxslar tomonidan tasvirlandi. Ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha tergov olib borilmoqda», — dedi politsiya vakili Yan Ribanskiy. Ushbu huquqbuzarlik uchun javobgarlikni «Vatanga xiyonatni to‘xtatish» mahalliy fuqarolik tashabbusi o‘z zimmasiga olib, Zeman Rossiya manfaatlarini milliy manfaatlardan afzal ko‘rganlikda ayblanmoqda degan xabarlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan. U, xususan, «Dukovani» AESni qurishda Rosatomni jalb etish va Chexiya aholisi uchun Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasini sotib olish istagi uchun ayblanmoqda.

Avvalroq, Chexiya Rossiya elchixonasining 18 nafar xodimini mamlakatdan chiqarib yuborgan edi. Bunga, Chexiya bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning GRU 2014 yilda mamlakat sharqidagi Zlin shahri yaqinidagi Vrbetits qishlog‘idagi o‘q-dorilar omboridagi portlashda ishtirok etgani sabab bo‘ldi.

20 aprel kuni, Chexiya bosh vazirining birinchi o‘rinbosari va ichki ishlar vaziri, shuningdek respublikaning muvaqqat tashqi ishlar vaziri Yan Gamachek Praganing Yevropa Ittifoqi va NATOdagi ittifoqchilarini birdamlik belgisi sifatida rossiyalik diplomatlarni chiqarib yuborishga chaqirdi.