Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston tekbol federatsiyasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, deya xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati. Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov mazkur sport tashkilotining prezidenti bo‘ldi.

Ushbu tashkilotning asosiy maqsadi O‘zbekistonda tekbol sport turini rivojlantirish, ommalashtirish, tekbol sport turi bo‘yicha professional va havaskor sportchilarni tayyorlash, shuningdek aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishdan iborat.

2021 yil martida Xalqaro tekbol federatsiyasi (FITEQ), O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi va Milliy olimpiya qo‘mitasi hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolagan edi. Hujjatga muvofiq, FITEQ O‘zbekistonga 10 ming dona inventar taqdim etadi, XTV va MOQ esa mamlakatda ushbu sport turini ommalashtirish bilan shug‘ullanadi.

Tekbol — 2014 yilda vengriyalik sobiq professional futbolchi Gabor Borshani va dasturchi Viktor Gusar tomonidan asos solingan sport turidir. Tekbol futbol va stol tennisi qorishuvidan iborat. Yakkalik bahslarda ikki o‘yinchi, juftlik bahslarida esa uch yoki to‘rt kishi o‘ynaydi. Egri stol va futbolnikiga o‘xshash to‘p ishlatiladi, uni qo‘llardan tashqari tananing hamma joylari bilan urish mumkin. Xalqaro miqyosda o‘yin Xalqaro tekbol federatsyasi (FITEQ) tomonidan taqdim etiladi. Musobaqada bir qator jahon darajasidagi futbolchilar (masalan, «PSJ» hujumchisi Neymar va «Barselona» yarim himoyachisi Filippe Koutino) ishtirok etishgan va ushbu sport turining ehtimoliy olimpiya maqomi muhokama qilinmoqda.