Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘nggi vaqtlar nima sababdan yig‘ilishlarda rahbarlar ishdan olinayotganiga to‘xtalib o‘tdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«O‘zlaringiz xabardor bo‘lyapsizlar, har selektorda tuman, shahar hokimlarini, viloyat hokimlari o‘rinbosarlarini, turli tizimdagi rahbarlarni ishdan olyapmiz. Nima uchun ishdan olyapman? Shukronalik yo‘q, beparvolik, bilimsizlik, ilmsizlik yonimizda yuribdi. Eng katta fojia — bilim yo‘q, ko‘p rahbarlar o‘z ustida ishlamaydi, bugungi tahlikali va shiddat bilan o‘tayotgan zamonda xalqning ishonchini oqlamayapti», — dedi u.

Prezident ijro organlari rahbarlarining saviyasi pastligi, o‘qimaganligi haqida gapirdi.

«Ma’ruza o‘qiladi, lekin ijrosini kim ta’minlaydi? Qarsak chalishni hammamiz o‘rganib oldik. Agar 27 yil qarsak chalmasdan, ta’limda, iqtisodiyotda, qurlishida aniq ishlar qilganimizda edi, bugun hayotimiz mutlaqo boshqacha bo‘lar edi. Jiddiy masalalarni yechmadik, o‘zimizga olmadik, ijro organi rahbarlarini o‘qitmadik. Mening eng katta fojiam — ijro organlari rahbarlarlarining ko‘pi o‘qimagan, saviyasi past. Zamon o‘zgarayapti, biz ham o‘zgarishimiz kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.