Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Samarqand viloyatida faollar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari mansabdorlar tomonidan korrupsiyaga yo‘l qo‘yilayotgan holatlarga munosabat bildirdi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar bermoqda.

“Meni quyi bo‘g‘indagi kadrlar masalasi ko‘p qiynaydi. Qani endi quyi bo‘g‘indagi mansabdorlar, to‘rtta sektor rahbarlarining faoliyatini baholab beradigan mezon bo‘lsa. Afsuski, yo‘q. Televizorda ko‘rgan bo‘lsanglar Andijondagi rahbarlar 120 ming, 60 ming, 70 ming pora bilan qo‘lga tushayapti. Yerni sotishga 60 ming olayapti, vositachi bo‘layapti. Nima Samarqandda yo‘qmi? Samarqandda ham bor”, — dedi davlat rahbari. “Kimni hisobiga korrupsiya bo‘lyapti? Xalqimiz hisobiga. Umid bilan yashagan bechora onamiz, singlimiz, opamiz, o‘g‘illarimiz, qizlarimizni hisobiga o‘g‘irlik bo‘lyapti”, — dedi prezident.

Davlat rahbari bu kabi vaziyatlar barchaga birdek saboq bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

“Davlat nima bilan qudratli? Qonun bilan. Hech kimni bunaqa qilishiga yo‘l qilmaymiz. Bu narsalar bizga saboq bo‘lishi kerak”, — deya qo‘shimcha qildi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatida mansabdor tanishlari orqali 100 gektar yer ajratib, hujjatlarni tayyorlatib berish evaziga 128 ming dollar olgan fuqarolar ushlangani haqida, shuningdek, bunda vositachilik uchun avans sifatida 7 ming dollar olganliklari haqida xabar bergan edik.

Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ma’lum qilishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Qurilish vazirligida 2020 yil davomida eng ko‘p korrupsiya holatlari kuzatilgan.