Sudyalar Oliy kengashining xabariga ko‘ra, 13 aprel kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining sudyasi Ilg‘or MFY Saxovat ko‘chasidagi nizoli xonadonga ekspert bilan borib, holatni joyida o‘rganayotgan bo‘lgan.

Xabarda aytilishicha, u yerda sudya xizmat vazifasini bajarayotgan bo‘lgan.

Fuqarolik ishiga aloqador bo‘lmagan M.N. sudyaga jismoiy kuch ishlatib, uning shaxsiy mobil telefonini tortib oladi va yerga urib qasddan sindiradi. Shuningdek, M.N. «jamoat joyida sudyaning qadr-qimmatini kamsituvchi so‘zlar bilan haqoratlaydi».

Natijada nizoli ish bo‘yicha tayinlangan ekspertiza o‘tkazilmay qoladi.

Holat bo‘yicha Sudyalar oliy kengashi vakolati doirasida kerakli choralarni ko‘rgan. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hozirda holatni o‘rganishmoqda.