Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 13 aprel kuni yoshlar bandligi va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

«Gazeta.uz» muxbirining xabar beriicha, yig‘ilishda respublika bo‘yicha 648 ming nafar ishsizlar «Yoshlar daftari»ga kiritilgani, birinchi chorakda 283 ming yoshning bandligi ta’minlangani qayd etildi.

Shundan:

  • 175 ming nafar yoshga 45 ming gektar yer maydoni ajratilgan;
  • 76 ming nafar yosh doimiy va jamoat ishlariga joylashtirilgan;
  • 33 ming nafar yoshlarga tadbirkorlik faoliyati uchun 800 mlrd so‘m kredit,
  • 6 ming nafariga subsidiya ajratilib, bandligiga ko‘maklashilgan.

Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida 36 mingta qo‘shimcha turli to‘garaklar tashkil etilib, 874 mingga yaqin yoshlar jalb etildi.

«Besh muhim tashabbus» doirasida 97 mingta madaniyat, sport inventarlari va kompyuterlar, 562 mingta badiiy kitob ta’lim muassasalari, kutubxona va o‘quv markazlariga yetkazib berildi.

Shavkat Mirziyoyev mazkur vazifalar belgilab berilganiga qaramay, ayrim rahbarlarning yoshlar masalalariga e’tibori hali ham talab darajasida emasligini keskin tanqid qildi.

«Biz yil boshida yoshlar masalasini bejiz Davlat xavfsizlik xizmatiga topshirmagan edik. Bu boradagi o‘rganishlar joylarda saviya yo‘qligini ko‘rsatdi. Tuman, shahar hokimlari, hozirgi zamon talabiga mos ish qilolmayapti, rektorlar nomiga yuribdi. Nimaga rektor yoshlar bilan uchrashdi, 2−3 ta talabani ishli qildi, degan gapni eshitmaymiz? Yoki rektorlar nega talabalar turar joylariga borib san’at arboblari bilan uchrashuv o‘tkazmaydi, nimaga taklif bermaydi? Ota-onalar rektorlarga qarab turganda nega ular tashabbus bilan chiqmaydi? Chunki hech kim yomon ko‘ringisi kelmaydi, amalda hamma o‘ziga yaxshi bo‘lishini xohlaydi», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev prezidentning yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohitovda talabchanlik yetishmayotganini, Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov faoliyatida natija ko‘rinmayotganini tanqid qildi.

Yig‘ilishda Andijon viloyatida 80 ming nafar ishsiz yoshdan birinchi chorakda 35 ming 600 nafarining bandligi ta’minlangan, shundan bor-yo‘g‘i 5 mingga yaqini doimiy ishlarga joylashtirilgan. Vaholanki, bugungi kunda viloyatda sanoat korxonalari va klasterlarda 7 mingta doimiy vakant ish o‘rinlari mavjudligi ta’kidlab o‘tildi.

Jalaquduq, Paxtaobod tumanlari va Xonobod shahrida bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.

Xuddi shu singari, ishsiz yoshlarni kasb va tadbirkorlikka o‘qitishda ham muammolar mavjudligi qayd etildi. Kosonsoyda 4,5 ming nafar ishsiz yoshlarning 31 nafari, Namangan tumanida 3,6 ming nafardan 47 nafari, Taxtako‘pirda 1,3 ming nafardan 45 nafari o‘qitilgan.

Davlat rahbari, yoshlarning o‘zini o‘zi band qilishi uchun Bandlik jamg‘armasidan 7 mln so‘mgacha subsidiya ajratilishi belgilangan bo‘lsa-da, Qashqadaryoda bor-yo‘g‘i 5 nafar, Andijonda 11 nafar, Qoraqalpog‘istonda 76 nafar yoshlarga subsidiya ajratilganini qayd etdi.

Prezident hokimlarning yoshlar bo‘yicha har 15 kun, 1 oyda nima tashabbus ko‘rsatganiga qarab faoliyatiga baho berilishi, shunga qarab ishda qolish-qolmasligi hal etilishini ta’kidladi.

«27 yil yoshlarni o‘qitmadik, dardiga quloq tutmadik. Yoshlar bizdan 20 baravar ilgarilab ketdi. Ularga yetish uchun ko‘proq ishlash, o‘rganish kerak. 2−3 yil oldin tizim yo‘q edi, keyingi paytlarda yetarli qarorlar qabul qildik. Endi har bir maktab, kollej, texnikum, hunar-texnika maktablari direktorlari tashabbus bilan chiqishi kerak», — dedi prezident.