Davlat statistikasi qo‘mitasi O‘zbekistonda 2021 yilning yanvar-mart oylarida qayd etilgan ajrim holatlariga oid ma’lumotlarni e’lon qildi. Eng ko‘p Toshkent shahrida oilalarga darz ketgan bo‘lsa, eng kam holat Qoraqalpog‘istonda kuzatilgan.

Hududlar kesimida ajrimlar soni:

  • Toshkent shahri — 1331 ta;
  • Farg‘ona viloyati — 999 ta;
  • Andijon viloyati — 995 ta;
  • Toshkent viloyati- 946 ta;
  • Samarqand viloyati- 912 ta;
  • Qashqadaryo viloyati — 711 ta;
  • Namangan viloyati- 682 ta;
  • Surxondaryo viloyati — 581 ta;
  • Buxoro viloyati — 500 ta;
  • Xorazm viloyati — 344 ta;
  • Jizzax viloyati — 337 ta;
  • Sirdaryo viloyati — 298 ta;
  • Navoiy viloyati — 289 ta;
  • Qoraqalpog‘iston — 288 ta.

Mart oyining birinchi haftasida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda oilaviy ajrimlar soni yuqori bo‘lib qolayotgani masalasiga to‘xtalib, 2020 yilda 28 mingdan ziyod oila ajralib ketganini ta’kidlagan edi. «Avvallari biror oila ajrashsa, mahallada duv-duv gap bo‘lardi, butun mahalla oyoqqa turardi. Ajrim — bu katta fojia», — degan edi prezident.

Avvalroq, ajrimlar soni oshib borayotgani sabab nikohga kirish muddatini bir oy emas, uch oyga uzaytirish taklifi ham bildirilgan edi. «Nikohdan o‘tib, so‘ng farzandini tirik yetim qilgandan ko‘ra, uch oylik muddatda bir-biriga ma’qul kelmasa, o‘z yo‘lida davom etgani ma’qul», — deyilgan edi.