Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Kun.uz nashriga bergan intervyusida internetda yoziladigan negativ fikr-mulohazalarga to‘xtalib o‘tdi.

U konteynerda yashayotgan joyda insonlar Facebook va internet nimaligini bilmasligini ta’kidladi.

«O‘zim ham Facebook`ni kuzataman. Har xil fikrlar bor. Ularning ichidan olish mumkin bo‘lgan fikrlar ham bor. Negativ fikrlar haqida aytadigan bo‘lsam, men bu yerga kelganimdan beri xulosa chiqardim, ko‘pchilikdan „Facebook`ni, internet bilasizmi?“, deb so‘rayman. „Nima u?“, deya javob berishadi. Demak, bizning bu yerlarda yurishimiz to‘g‘riligiga, Facebook`da „Bu piar“ deb yoziladigan izohlarga e’tibor bermaslikka qaror qildim. Bu yerda biror kishi Facebook ko‘rmas ekan, buni haqiqiy muammoni ichida o‘tirgan odam yozmayapti, uni tashqaridan kimlardir yozyapti. Bular [shu yerdagi odamlar — tahr.] bilan yuzma-yuz gaplashishim kerak ekan, degan xulosaga keldim», — dedi Abdurazzoqov.

Hokimning aytishicha, negativ izohlar bekorchilikdan kelib chiqadi.

«Bekorchilikdan har xil fikr chiqadi, ishi bor inson bir kunda 10 martalab izoh yozmaydi-ku, agar faoliyati blogerlik bo‘lmasa», — deydi Namangan viloyati hokimi.