Birlashgan Arab Amirliklarining «Masdar» kompaniyasi O‘zbekistonda birinchi shamol elektr stansiyasini qurishni boshladi. Mazkur stansiya Navoiy viloyatining Zarafshon tumanida joylashadi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

«Masdar» kompaniyasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi o‘rtasida qurilayotgan elektr stansiyasining loyihaviy quvvatini 500 MVtdan 1,5 GVtgacha oshirish bo‘yicha bitim imzolandi.


Dastlab 600 mln dollarga baholangan loyiha kengaytirilgandan so‘ng qariyb 1,8 mlrd dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishi kutilmoqda.

Ma’lumotga ko‘ra, loyiha quvvatining 1,5 GVtga oshirilishi kelgusida O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan shamol elektr energiyasi miqdorini 3 GVtga yetkazish va muqobil energiya manbalarining mamlakat umumiy energiya balansidagi ulushini 26 foizga yetkazish maqsadlariga erishishga imkon beradi.

Zarafshon tumanidagi mazkur shamol elektr stansiyasi 2024 yilning oxirigacha tijoriy foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda.


500 MVt quvvatga ega loyiha 500 mingta xonadonga yetarli hajmda elektr energiyani ishlab chiqarishni va atmosferaga chiqariladigan karbonat angidrid chiqindilarini yiliga 1,1 mln tonnaga kamaytirishni ta’minlab berishi ko‘zda tutilgan edi.

Endilikda bu raqamlar mos ravishda 1,5 mln xonadonga ko‘payib, karbonat angidrid chiqindilari 3,3 mln tonnaga qisqartiriladi, deyiladi xabarda.

«Masdar» Abu-Dabi Hukumatining «Mubadala Investment Company» investitsiyaviy xolding sho‘’ba kompaniyasi va dunyoning qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqaruvchi yetakchi xalqaro kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya tomonidan amalga oshirilgan investitsiya loyihalari portfeli qayta tiklanadigan manbalardan 4000 MVtdan ko‘proq elektr energiyani ishlab chiqarish uchun o‘rnatilgan uskunalarni o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda «Masdar» 30 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat ko‘rsatadi.