Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov investitsiyalar va tashqi savdo vazirining maslahatchisi — To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari etib tayinlandi. Bu haqda Investitsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lumot uchun, ushbu Jamg‘arma raqobatbardosh mahalliy kompaniyalarga investitsiyalar kiritish, shuningdek, xususiy mahalliy va xorijiy investorlar bilan uzoq muddatli o‘zaro foydali sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilgan.

Otabek Nazirov investitsiya sohasida katta tajribaga ega, AQSHdagi Goldman Sachs va JPMorgan Chase, Rossiyadagi Troyka Dialog va MDM-Bank kabi yirik moliyaviy va investitsiya kompaniyalarida, shuningdek, London shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankida ishlagan.

U 2018 yilda innovatsion rivojlanish vazirining o‘rinbosari lavozimida, keyinchalik Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan. 2019 yilning yanvar oyidan buyon Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori lavozimida ishlab kelgan.