Toshkent shahri markaziy ko‘chalarida eksperimental pulli avtomobil to‘xtash joylarini tashkil etish bo‘yicha hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Unga ko‘ra, Toshkent shahrining 10 ta markaziy ko‘chasida pulli avtomobil to‘xtash joylari tarmog‘ini tashkil etish taklif etilmoqda.

Parkomat — shahar ko‘chalarida va yo‘llar bo‘ylab pulli avtomobil to‘xtash joylarida maxsus jixozlangan va yo‘l belgilar va yo‘l chiziqlari bilan belgilangan, avtomobil to‘xtash joyida muayyan vaqtga avtomobilni joylashtirish vaqtini o‘lchash uchun mo‘ljallangan, pulli to‘xtash joyi hisoblagichi bo‘lgan mexanik, elektron yoki avtomatik moslama hisoblanadi.

Toshkent shahar hokimligi Ichki ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan bir oy muddatda parkomatlarni tashkil etish yagona elektron platformasini ishlab chiqiladi.

Parkomatlarda:

  • nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yo‘l belgilari va yo‘l chiziqlari vositasida maxsus ajratilgan qismlarda nogironligi bo‘lmagan haydovchilar avtomobilni to‘xtatishi;
  • parkomatlardan foydalanganda ushbu xizmat uchun to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi va avtomobil belgilangan tartibda joylashtirilmaganligi aniqlanganda, o‘rnatilgan tartibda haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmaslik holatlariga tenglashtiriladi hamda ma’muriy jazo qo‘llanishi uchun asos hisoblanadi.

Parkomatlar uchun to‘lov avtomobil to‘xtash joylari talonlari va (yoki) shartnoma asosida naqd hamda naqd bo‘lmagan shaklda amalga oshiriladi.

Foydalanuvchi parkomatlardan foydalanganda avtomobillarni chizilgan chiziqqa qarab joylashtiradi.

Parkomatlar yoni axborot tablolari bilan jihozlanib, ularga quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:

  • ko‘rsatiladigan xizmatlarga haq to‘lash tartibi, usullari va to‘lov miqdori;
  • parkomatdan foydalanish va avtomobil maxsus ajratilgan joyga vaqtincha qo‘yilganligi uchun to‘lov undirish huquqi berilgan xususiy sherikning to‘liq rasmiy nomi va joylashgan yeri (pochta manzili);
  • parkomatdan foydalanish qoidalari;
  • eng yaqin ichki ishlar bo‘linmasi manzili va telefon raqami;
  • iste’molchilar huquqlarini himoya qiluvchi hududiy bo‘linma manzili va telefon raqami.

Haydovchi parkomatdan foydalanishi uchun oldindan avtomatik ravishda avtomobil to‘xtash joyi talonini oladi.

Mazkur parkomatlardan faqat I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar boshqarayotgan old va orqa oynalariga «7.17» yo‘l belgisi tasviri tushirilgan hamda IIV, Milliy gvardiya, FVV, yong‘in xavfsizligi xizmati, tez tibbiy yordamning maxsus avtomobillari xizmatlarni o‘tayotgan vaqtida bepul foydalana oladi.

24 soatdan ortiq vaqtga o‘zboshimcha tashlab ketilgan, yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilariga yoki boshqa foydalanuvchilarga xalaqit beradigan yoxud haqi to‘lanmagan avtomobillarni tashish uchun tegishli Ichki ishlar boshqarmasini xabardor qilgan holda evakuator avtomobili chaqiriladi.

Loyiha muhokamasi 10 aprelga qadar davom etadi.