Davlat soliq qo‘mitasi O‘zbekiston prezidentining «Elektron tijorat ma’muriyatchiligini takomillashtirish va uni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish to‘g‘risida"gi qarori loyihasini ishlab chiqdi.

Loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi va 7 martda yakunlandi. Davlat soliq qo‘mitasi aholi va tadbirkorlardan kelib tushgan takliflarni tahlil qildi va tahliliy ishlar natijasida loyihaga bir qator o‘zgarishlar va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, elektron tijoratni amalga oshirish tartibini erkinlashtirish va aholining keng qatlamini tadbirkorlikka jalb qilish va natijada aholini ish bilan ta’minlash maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi ishlab chiqilgan loyihaga o‘zini o‘zi band qiluvchi shaxslarga elektron tijoratni amalga oshirish huquqini berish normasini kiritishga qaror qildi.

DSQ nuqtai nazariga ko‘ra, bu kabi normalar elektron tijorat segmentini «oqartirish»da mutlaqo yangi imkoniyatlarni yaratadi, chunki hozirgi kunda o‘zini o‘zi band qilganlar uchun bir qator soliq imtiyozlari va yengilliklar berilgan.

Masalan, faoliyatni ro‘yxatdan o‘tkazish va amalga oshirish jarayonining soddaligi fuqarolarning xarajatlarini kamaytiradi. Chunki o‘zini o‘zi band qilganlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va soliqlarni to‘lash maxsus mobil ilova yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetda «birgina tugmani bosish» orqali amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, Soliq kodeksining 369-moddasiga asosan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlari jismoniy shaxslarning jami daromadlariga kiritilmaydi. O‘zini o‘zi band qilgan shaxs mehnat stajiga ega bo‘lishi uchun esa bir yilda bir marotaba bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir barobari miqdorida ijtimoiy soliq to‘lashi lozim. (BHM — 2021 yil uchun 245 ming so‘m.)

Loyihada elektron tijoratni rivojlantirishga qaratilgan bir qator boshqa rag‘batlantirish choralari ham nazarda tutilgan, xususan:

elektron tijorat bilan shug‘ullanadigan barcha sub’ektlarning aylanmadan olinadigan soliq va foyda solig‘i stavkalari elektron tijoratdan olingan daromad miqdoridan qat’i nazar, 50 foizga pasaytiriladi;

tovarlar (xizmatlar) elektron savdosi bilan shug‘ullanuvchi yoshlarga ayrim soliqlarni foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) huquqi beriladi.