Toshkent shahrida tez yordam brigasida kelgan shifokor do‘pposlandi. Bu haqda SSV xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 26 mart kuni soat 23:43 da Toshkent shahridagi «103» dispetcherlik xizmatiga Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi 19 yoshli fuqaro A.dan chaqiriq kelib tushadi.

Manzilga tez tibbiy yordam brigadasi (shifokor — 1995 yilda tug‘ilgan Baxromjon Hazratov) 7 daqiqa ichida yetib boradi.

Xabarda aytilishicha, bemor ko‘rikdan o‘tkazilayotganida to‘satdan shifokorga sababsiz tashlanib, uning boshiga qattiq jism bilan urib, og‘ir tan jarohati yetkazadi.

Tez yordam shifokorining olgan jarohatidan kuchli qon ketayotganligi sababli voqea joyidan tez tibbiy yordam avtomashinasida Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining ko‘p tarmoqli klinikasiga olib borilgan. Keyinchalik esa uning ahvoli yaxshi emasligi va jarohati o‘ta og‘irligini inobatga olinib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga o‘tkazilgan.

«26 yoshli tez tibbiy yordam shifokori B. Hazratov ayni paytda markazimizning neyroreanimatsiya bo‘limida og‘ir ahvolda intensiv davo muolajalarini olmoqda. U hozir og‘ir ahvolda, bemorga bosh miya yopiq jarohati, bosh miyaning o‘rta darajadagi lat yeyishi, bosh tepa va ensa sohalaridagi yirtilgan jarohat tashxisi qo‘yilgan», — deya ma’lum qildi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Davron To‘laganov.

Bundan avval, 24 mart kuni kechki soat Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining toksikologiya qabul bo‘limi shifokori mast fuqaro tomonidan kaltaklangan edi.