Loyihalashtirilayotgan Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon pullik yo‘llaridan o‘tish narxi 5−6 dollar (ekvivalentda) atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi vakili O‘zLiDeP press-klubida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentdan Farg‘ona vodiysiga borish yo‘lining narxi uch qismga bo‘linadi (dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra):

  • Toshkent-Angren — 1,7 dollar;
  • Angren-Qo‘qon — 2 dollar;
  • Qo‘qon-Andijon — 1,6 dollar.

Yuk transporti uchun narx qimmatroq bo‘ladi. Misol uchun, Toshkentdan Andijongacha bo‘lgan yo‘l yuk mashinalari uchun 20 dollarga tushishi mumkin.

Pullik yo‘llarda harakatlanishning maksimal tezligi 120−150 km/s bo‘lishi mumkin, deydi agentlik vakili. Ayrim tog‘li hududlarda bu 60−70 km/sga teng bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, hozirda O‘zbekiston avtoyo‘llarida harakatlanishning ruxsat berilgan tezligi alohida yo‘l qismlarida o‘rnatilgan belgilarga muvofiq 110 km/s (YHQga ko‘ra — 100 km/s).

2018 yilning oxirida qabul qilingan Vazirlar mahkamasi qaroriga ko‘ra, 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekistonda pullik yo‘llarni DXSH asosida joriy qilish nazarda tutilgan edi.

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.

Bir yil o‘tib, sobiq transport vaziri El’yor Ganiyev Toshkent-Samarqand pullik trassasining qurilishi yo‘nalishning investor tomonidan ko‘rsatilgan narxi qimmatligi sababli kechikayotganligini ma’lum qilgan edi.