Avvalroq, pezident farmoni bilan SSV huzurida Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tashkil etilgani haqida yozgan edek. Ayni shu hujjat bilan pansionatlar rahbar va xodimlarining maoshlarini oshirish hamda pansionatda istiqomat qiluvchi pensionerlarning pensiya miqdori oshirilmoqda. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.

Farmon bilan 2021 yil 1 apreldan:

«Saxovat» va «Muruvvat» internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatining:

  • rahbar va shifokorlari oylik lavozim maoshi 1,5 barobarga;
  • o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari oylik lavozim maoshi 2 barobarga;
  • boshqa barcha xodimlar oylik lavozim maoshi 1,2 barobarga;
  • Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi markaziy apparati xodimlarining oylik lavozim maoshi 1,5 barobarga, uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlari hamda Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi markaziy apparati va uning hududiy komissiyalari xodimlari oylik lavozim maoshi 1,2 barobarga;
  • respublika pansionatida yashovchi yolg‘iz pensionerlarga shaxsiy sarf-xarajatlari uchun kamida to‘lanadigan oylik pensiya miqdori 10 foizdan 20 foizgacha oshiriladi.

Shuningdek, 2021−2024 yillarda tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘limlarida ishlovchi ijtimoiy xodimlarning oliy ma’lumot olishi uchun respublika OTMlarida maqsadli kvotalar ajratiladi.

2021 yil may oyidan «Saxovat» internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatidagi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni har yili bir marta sanatoriylarda bepul sog‘lomlashtirish tashkil etiladi.

1 apreldan «Saxovat» va «Muruvvat» internat uylarida 1 nafardan kutubxonachi shtat birligi joriy etiladi.

Toshkent shahar hokimligi Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatida bir oy muddatda zamonaviy fizioterapiya bo‘limi tashkil etilishini hamda muassasada mavjud tibbiy uskuna va jihozlar yangilanishini ta’minlaydi.

2021−2022 yillarda mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan madaniy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish uchun yangi bino quriladi. Ushbu muassasaga tutash hududda esa Nuroniylar istirohat bog‘i tashkil etiladi.

Bundan tashqari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari 10−11-sinf o‘quvchilari, talabalar va yoshlar ishtirokida tibbiy-ijtimoiy muassasalarda «ikki avlod» uchrashuvlari, ta’lim muassasalarida «keksalar ma’rifati» soati o‘tkaziladi. Ular bilan turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil qilinib, qariyalarning holidan xabar olinadi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 6 mart kuni Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatini borib ko‘rgan edi.Tashrif davomida Kasaba uyushmalari federatsiyasiga «Saxovat» uylaridagi barcha nuroniylarni har yili bir marta mamlakatning eng yaxshi sanatoriylarida sog‘lomlashtirish vazifasi topshirilgandi. Qolaversa, «Saxovat» va «Muruvvat» uylari xodimlarining oylik ish haqlarini oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan edi.