O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tuzilmasida Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish boshqarmasi tashkil etildi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 15 martdagi «O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ko‘zda tutilgan.

Hujjat O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik, madaniy-gumanitar sohalaridagi o‘zaro manfaatli, amaliy sheriklikni kengaytirish hamda strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlarini sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish va uni aniq mazmun bilan yanada boyitishni ta’minlash maqsadida qabul qilindi.

Qaror bilan ITSV tuzilmasiga Rossiya bilan tashqi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun mas’ul bo‘lgan investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari lavozimi kiritildi. Avvalroq ushbu lavozimga Xurram Teshaboyevning tayinlangani haqida xabar qilingan edi. U bir vaqtning o‘zida ITSV huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi direktori (2019 yildan) hisoblanadi.

Yangi vazir o‘rinbosarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • Rossiya bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik hamkorlik loyihalari va dasturlarini ishlab chiqish hamda amalda ro‘yobga chiqarish; Rossiya bilan yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar, sanoat, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport, logistika, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq takliflar tayyorlash
  • Rossiya Federatsiyasi bilan amalga oshirilgan oliy darajadagi tashriflar yakunlari bo‘yicha erishilgan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlik sohasidagi kelishuvlarning so‘zsiz va sifatli ijro etilishi ustidan doimiy hamda tizimli monitoring va nazoratni tashkil qilish;
  • Rossiya Federatsiyasi bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik hamkorlik sohalaridagi amaliy chora-tadbirlar rejalari («yo‘l xaritalari»)ni so‘zsiz amalga oshirish bo‘yicha mas’ul ijrochilar — vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida tashkil etilgan «Loyiha ofisi» faoliyati doirasida yangi sanoat loyihalarini ishlab chiqish va Rossiya tomoni bilan hamkorlikda amalga oshirishni ta’minlash;
  • Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi direktoriga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish.

Hujjatda Moskvada xodimlarning cheklangan soni 7 kishidan iborat Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining vakolatxonasini ochish ham ko‘zda tutilgan. Mazkur vakolatxonaning asosiy vazifasi O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlik loyihalarini sifatli tayyorlash va amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni ta’minlashdan iborat.

Bundan tashqari, ITSVning Jahon savdo tashkiloti bilan hamkorlik qilish boshqarmasi negizida vazirlikning belgilangan shtatlari doirasida Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish hamda tashqi iqtisodiy integratsiya jarayonlarini muvofiqlashtirish boshqarmasi tashkil qilinmoqda.

Boshqarmaning yangi vazifalari qatoridan O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va JST bilan o‘zaro hamkorligi doirasida milliy manfaatlarni ilgari surish maqsadida integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish choralarini olib borish ham o‘rin olgan.