O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navro‘z ayyomi bilan mamlakat aholisini tabrikladi. Davlat rahbari 21 mart kuni poytaxtdagi Humo Arena majmuasida bo‘lib o‘tgan bayram shodiyonasida tabrik nutqi bilan ishtirok etdi (video).


«O‘tgan yili pandemiya tufayli Navro‘z bayramini har doimgidek katta tantana qilib, keng nishonlay olmagan edik. O‘shanda, bu tashvishli kunlar albatta ortda qoladi, hali ko‘p to‘y-tomosha va sayillarni xalqimiz bilan birgalikda o‘tkazamiz, deb ezgu niyat qilgan edik. Bugun ana shu orzu va intilishlarimiz ro‘yobga chiqmoqda. Go‘zal va jonajon yurtimizda yana shodiyonalar, quvonchli kunlar boshlanmoqda», — dedi u.


Shavkat Mirziyoyev koronavirus balosi hali to‘la bartaraf bo‘lmaganini, «shuncha mehnat zoye ketmasligi uchun pandemiyaga qarshi kurashishni bir lahza ham to‘xtatmaslik, beparvolik va beg‘amlikka berilmaslik kerak"ligini ta’kidladi.


«Bizning kuchimiz — birlik va ahillikda, bizning qudratimiz — mehr-oqibat, o‘zaro ko‘mak va saxovatda, bizning yutug‘imiz — ertangi kunga bo‘lgan yuksak ishonchimizda», — dedi prezident.

Prezident bu yilgi Navro‘z mamlakat mustaqilligining 30 yilligida o‘tayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, keng ko‘lamli islohotlar davomiy bo‘ladi.


«Navro‘zning o‘lmas ruhi va boqiy falsafasi biz bugun bunyod etayotgan yangi O‘zbekiston g‘oyasi bilan uyg‘un va hamohangdir. Xalqimizning fidokorona mehnati, qat’iy siyosiy irodamiz bilan keng ko‘lamli islohotlarimizni bundan keyin ham jadal davom ettiramiz. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, el-yurtimiz manfaatini, jondan aziz farzandlarimiz kelajagini ta’minlashga xizmat qiladigan to‘g‘ri yo‘limizdan hech qachon ortga qaytmaymiz», — deya ta’kidladi u.


Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining barcha qatlamlari, birinchi navbatda, xotin-qizlar va yoshlarning muammolarini hal etish, ularni bilim va kasb-hunarga o‘rgatish, ish o‘rinlari, daromad manbai, turar joylar bilan ta’minlashga ustuvor ahamiyat berilmoqda.


Shundan so‘ng, prezident Shavkat Mirziyoyev Navro‘z bayrami saylida ishtirok etdi. Sayilga kelgan odamlar bilan suhbatlashib, ularni tabrikladi.