Shavkat Mirziyoyev xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyat hokimi lavozimiga Davron Hidoyatov nomzodini mahalliy kengash deputatlari e’tiboriga tavsiya qildi. Deputatlar uning nomzodini bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muhbiri xabar berdi.

Davron Xidoyatov (o‘ngda) Chirchiq shahridagi «Iftixor» mahallasida prezident bilan birga. Shuhrat Latipov / Gazeta.uz.

«Xidoyatovni o‘zim yaxshi bilaman, yonimda ko‘p yillar ishlagan. Vazir bo‘lib ishlayotganida, Chilonzorga hokim bo‘lishini aytganman. U o‘shanda „Men vazirman-ku, qanday hokim bo‘laman?“, degan. „Hokim bo‘lasan, pastga tushib, piyoda yurasan, xalq ichida kun kechirasan“, deganman. Keyin u bilan ko‘rishganimda, minnatdorlik bildirgan. Ma’lum muddat Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari ham bo‘ldi», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev, uning harakatchanligi, bilimi, o‘z ustida ishlashini ta’kidladi. Prezidentning fikriga ko‘ra, u hozirgi zamon talablarini to‘g‘ri tushunadigan rahbardlardan.

«Bunaqa rahbarlar har bir viloyatda to‘rtta-beshta bo‘lganida edi, shunda vaziyat yaxshi bo‘lib ketardi. Ming afsuski yo‘q», — deb aytdi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident deputatlar tomonidan taklif qilinadigan boshqa hokim nomzodlarini ko‘rib chiqishga tayyorligini aytdi.

Deputatlar Davron Hidoyatovning Toshkent viloyati hokimi lavozimiga nomzodini bir ovozdan ma’qullashdi. U prezidentning ishonchini oqlashga va’da berdi. Shavkat Mirziyoyev hokim hamma uchun o‘rnak bo‘lishi va o‘z ustida ishlashi kerakligini ta’kidladi.

Davron Hidoyatov (1976 yilda tug‘ilgan) — Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (1998 yil) va O‘zbekiston bank-moliya akademiyasi (2001) bitiruvchisi. 1996−2004 yillarda O‘zbekiston Markaziy banki tizimida, 2004−2005 yillarda «Osiyo-Invest Bank» (Moskva) boshqaruvi raisi lavozimida, 2005−2009 yillarda O‘zbekiston Markaziy banki tizimida ishlagan.

2009 yildan 2012 yilgacha GM Uzbekistan kompaniyasining moliya bo‘yicha ijrochi direktori, 2012 yildan 2014 yilgacha MAN Auto-Uzbekistan QK bosh direktori lavozimlarida xizmat qilgan.

2014−2017 yillarda O‘zbekiston Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni kuchaytirish davlat qo‘mitasi raisi, 2017−2018 yillarda Chilonzor tumani hokimi, 2018−2021 yillarda Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Davron Hidoyatov 2021 yilning yanvar oyidan boshlab Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi sifatida ishlayotgan edi.