Shavkat Mirziyoyevning Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanidagi klasterga tashrifi chog‘ida bloger Aziza Qurbonova prezidentga ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan «Shovvozsoy» dam olish maskani masalasida savol bilan murojaat qildi.

«Bu «O‘zbekiston temir yo‘llari»ning davlat korxonasi. Hech kim u yerda turib, yashab yoki birovga o‘tkazib qo‘yilgani yo‘q. U davlatning joyi. Prezidentning nima aloqasi bor unga? Prezident ham O‘zbekistonga foydasi tegadigan martabali mehmon kelsa boradi. Aytmaysizlarmi, «biz prezident bilan piyoda yuramiz, sizlar ham kelib bir marta piyoda yurib ko‘ringlar», deb. Keyin prezident besh yilda necha marta dam olibdi ekan, degan savolni nimaga bermaysizlar?», — deya munosabat bildirdi Shavkat Mirziyoyev.

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda dam olish maskani O‘zbekiston rahbari uchun qurilgani haqida tahminlar paydo bo‘lgan edi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» asossiz va noxolis ekani aytgan edi. «Bu yerda 2011 yildan boshlab, ya’ni 10 yil davomida bosqichma-bosqich qurilish va bunyodkorlik ishlari olib borilgan. Barcha investitsiyalar temir yo‘l kompaniyasining byudjetdan tashqari mablag‘lari, jumladan daromadlari hisobidan amalga oshirilgan», — deyilgan edi xabarda.