Dushanba kuni Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda kengash hamda Senat raisi Tanzila Narbayeva xorijda mehnat qilayotgan migrant ayollar masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Bandlik vazirligi chet elda bo‘lib turgan migrant xotin-qizlar ro‘yxatini yangilagan holda yurtiga qayta olmayotgan yoki qiyin ahvolga tushganlarni oilasiga qaytarish hamda ish bilan ta’minlash choralarini ko‘rishi kerak. Biz mamlakatdagi noturar joyda yashayotgan xotin-qizlarni 9 mingta deb aniqladik, u yoqda qancha ekan? Rossiya, Qozog‘iston, Koreyada, bilmayman yana qayerda yuribdi ayollar», — dedi kengash raisi.

Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar haqida bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muxitdinov ma’lumot berdi.

«Bu borada har bitta mahalla bo‘yicha xatlov ketayapti, aprelda oxirigacha yetish kerak. Shundan keyin qo‘limizda to‘liq raqamlar bo‘ladi. Kimni ish bilan ta’minlaymiz, kimni qaytarib olib kela olamiz aniq bo‘ladi», — dedi u.


«Masalan o‘sha yerda uyi, kasbi bo‘lmasa, kechirasiz-ku, birovlarning og‘ir, qiyin ishini qilib yurgandan ko‘ra, bu yerga kelsin mana shu ishlardan beraylik. Tashqi ishlar vazirligi bilan ham birga ishlash kerak. Ikkita yo‘li bor, bu yerga qaytarib olib kelib, kasbga tayyorlash, xorijga ishlashga boraman desa, yana jo‘natish yoki shu yerda ish bilan ta’minlash», — deya ta’kidladi Narbayeva.

«Uni ham mexanizmi bor. 3 oygacha xostellarda joy berayapmiz, u yerda ish topa olmasa, bu yerga qaytarib olib kelayapmiz va ish berayapmiz», — deya qo‘shimcha qildi vazirlik vakili.

Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi raisi Tanzila Narbayevaning ta’kidlashicha, «xorijdagi migrant ayollar bilan ishlashni o‘z holiga tashlab qo‘yish kerak emas».

U so‘zida davom etar ekan, mamlakatdagi mardikor ayollarning bir martalik ish qidirib, ko‘chada o‘z kuchini taklif qilib turishi masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.


«Mardikorlik bilan shug‘ullanayotgan ayollarimiz bor. Mardikorlik deyiladi, lekin bu juda xunuk gap. Bir martalik ish deylik. Mana shunday faoliyatga ehtiyoji bor ayollarimiz mavjud. Toshkent shahrining o‘zida 6 ta kunlik ishchilar markazlari [Vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash markazlari] tashkil etildi. Respublika bo‘yicha esa jami 31 ta. Bu masalaga hududlardagi opa-singillarimizning alohida e’tiborini qaratmoqchiman. Sizlar [yig‘ilishda onlayn qatnashayotgan mahalliy hokimiyat va NNTlar vakillari — tahr.] bu masala Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ishi ekan, deb qarab o‘tirmanglar. Yashash hududingizdagi bozor yoki ko‘chalar yoqasida ayollar ishchi kuchimni sotaman, deb to‘planib turishadi. Mana shunday joyga o‘zingiz boringlar, ayollar bilan suhbat qilinglar», — dedi u.

Senat raisi vaqtinchalik ishlarni zamonaviy tartibda tashkil qilish kerakligini qo‘shimcha qildi.

«Ayollar ko‘chada o‘z ishchi kuchini taklif qilib turishi juda xunuk holat. Bir martalik ishlarni zamonaviy tartibda tashkil qilishimiz kerak. Mavjud kunlik ishchilar markazlarining ishlab ketishini ham yo‘lga qo‘yish zarur. Viloyatlarga xizmat safari bilan chiqqanimda, albatta, o‘sha joylarga men ham boraman. Bunday mardikor bozorlar Qo‘qon, Toshkent shahri va viloyatida ko‘p», — dedi Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi raisi.

«Biz shunaqa markazlarni qurib, tadbirkorlarga bermoqchimiz. Chunki davlat sifatida bizga qiyinroq, ayollar bizga quloq solmaydi, ishonmaydi. Shu markazlarni ayollarga berib, sharoit yaratib beramiz. Buni taklif sifatida Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasiga kiritdik», — dedi vazir o‘rinbosari.