Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov 20 maydan boshlab O‘zbekiston chempionatini to‘xtatib, terma jamoaning yig‘in qilmoqchi ekanligini ma’lum qildi. U bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda aytib o‘tgan. FIFA kunlari 31 maydan 15 iyungacha davom etadi.

Abramovning qo‘shimcha qilishicha, «Bu qarorni u chiqarmagan. O‘FA tomonidan qabul qilingan qaror».

O‘zbekiston Professional futbol ligasi rahbari Diyor Imomxo‘jayev o‘zining telegram kanalida ushbu holat bo‘yicha kinoyali post qoldirdi.

«Vadim aka 20 maydan chempionatni to‘xtatar ekanlar. Biz 20 maydan keyin adashib 2 ta tur o‘yinlarini rejalashtirganimiz uchun uzr so‘raymiz», — degan edi Imomxo‘jayev.

Diyor Imomxo‘jayev telegram kanalidan olindi.

Birozdan so‘ng, ushbu xabar kanaldan o‘chirildi.

Undan so‘ng, Diyor Imomxo‘jayev ayni shu mavzuda boshqa post e’lon qildi. Unda O‘zPFL rasman ogohlantirilmagani ta’kidlangan.

«O‘zbekiston Professional futbol ligasi bunga qadar yarim yillik taqvimni taqdim etgan bo‘lib, unda 20−31 may oralig‘ida Superliganing 10−11 tur uchrashuvlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Taqvim Vadim Abramovning yarim yillik rejalari asosida tuzib chiqilgan. Biroq O‘zPFL chempionatning 20 may kuni to‘xtatilishi borasida rasman ma’lumot olmagan. Vadim Abramov shuni rejalashtirayotgan bo‘lsa, mazkur masala Murabbiylar kengashi yig‘ilishida muhokama etilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki chempionatning deyarli bir oyga to‘xtab turishi, kamida 13 ta klub rejalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin», — deb yozadi Imomxo‘jayev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, «qolgan klublar murabbiylari fikri bilan ham qiziqib ko‘rish zarar qilmaydi».