O‘zbekiston mamlakatdagi 17 milliondan ortiq xotin-qizlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha sezilarli yutuqlarga erishdi. Shu bilan birga, ularning huquqlari va manfaatlarini ta’minlash uchun tegishli davlat siyosati doirasida qo‘shimcha chora-tadbirlar zarur. Shuni ham yodda tutish kerakki, COVID-19 pandemiyasi ayollarning salomatligi, xavfsizligi va iqtisodiy farovonligi uchun qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqardi, deyiladi Jahon bankining ekspertlari Odri Saks va Uilyam Zeys maqolalarida.

2020 yil boshida COVID-19 faqatgina sog‘liqni saqlash sohasi uchun favqulodda holat bo‘lib qolmasligi aniq bo‘ldi. Virus juda tez vaqt ichida dunyo iqtisodiyoti va aholisiga misli ko‘rilmagan zarar yetkazdi. Pandemiyaning dastlabki bosqichlaridayoq, bu inqiroz erkaklar va ayollarga turli xil hamda nomutanosib ta’sir ko‘rsatishi bo‘yicha xavotirlar bildirilgan.

Vaziyatni real vaqtda kuzatib borish va tahlil qilish inqirozning gender jihatlari bo‘yicha muhim ma’lumotlarni to‘plashga va turli mamlakatlar hukumatlari tomonidan pandemiya oqibatlarini yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rish uchun tegishli tavsiyalar ishlab chiqishga yordam beradi.

2018 yildan buyon «Taraqqiyot strategiyasi» markazi va Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan «O‘zbekiston fuqarolarini tinglash» (O‘FT) loyihasi har oy barcha hududlardagi jami 4000 uy xo‘jaliklaridan bo‘lgan respondentlarning fikrlari va farovonligini tahlil qilish uchun so‘rovnomalar o‘tkazadi. 2020 yil mart oyida mamlakat miqyosidagi birinchi karantin choralari kiritilganidan keyin, so‘rovnoma pandemiyaning fuqarolar va mahallalar salomatligi hamda ijtimoiy-iqtisodiy holatiga ta’sirini monitoring qilish uchun ham ishlatila boshlandi. Inqiroz boshlanganidan buyon 18,000dan ortiq so‘rovnomalar o‘tkazildi, ularning natijalari quyida keltirilgan.

O‘FT tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda erkaklar va ayollar o‘rtasidagi tengsizlikning mavjudligi xotin-qizlarni COVID-19 pandemiyasi kabi iqtisodiy ta’sirlar oldida ko‘proq himoyasiz qilib qo‘yadi. Mehnat faoliyati, chet eldan pul o‘tkazmalari va boshqa manbalardan keladigan daromadning yo‘qotilishi, uy yumushlaridagi yukning ortishi va oiladagi zo‘ravonlik holatlarining ko‘payishi — bularning barchasi mamlakatning shahar va qishloq joylarida kam ta’minlangan oilalar ayollarining yashash sharoitlari va salomatligiga putur yetkazdi.


O‘zbekistonda gender tengsizligi muammosi, ayniqsa, bandlik sohasida seziladi. Ayollarning to‘lanadigan ish faoliyatida bandligi erkaklarga qaraganda ancha kam. O‘rtacha olib qaraganda, 2018 yil oktyabridan 2020 yil dekabriga qadar O‘FT so‘rovnomalaridan oldingi bir hafta davomida ayollarning atigi 19 foizi faol ishlagan. Taqqoslash uchun, erkaklarda bu ko‘rsatkich 44% ga yetgan. To‘liq ishlaydigan ayollarning ulushi shaharlarda 34% ni, qishloqlarda 28% ni tashkil etdi.

Erkaklar orasida, o‘rtacha, ta’lim darajasining yuqorilab borishi bilan ularning mehnat bozorida ishtirokida ham barqaror o‘sish kuzatiladi. Biroq, ayollarning ishlari iqtisodiy foyda keltirishni boshlashi uchun ular oldin oliy ma’lumot olishlari kerak. Masalan, o‘rta maktabni bitirish erkaklar uchun ish bilan ta’minlanish ehtimolini 15 foizga oshiradi, ammo ayollarning ish bilan ta’minlanish istiqbollariga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi.

Oilaviy ahvol va bolani parvarish qilish bo‘yicha majburiyatlar ham ayollarning ish bilan ta’minlanishiga ta’sir qiladi. Turmush qurgan ayollarning ish topish ehtimoli turmush qurmagan ayollarga qaraganda ancha past. Ish bilan bandlik darajasi mos ravishda turmush qurmagan ayollarda 52%ni, turmush qurganlarda esa 36% ni tashkil qiladi.

O‘FTning 2020 yil o‘tkazilgan raundlaridan birida «nega ish izlamayapsizlar», degan savolga ayollarning 43 foizi buning sababi «uy xo‘jaligini yuritish» deb javob berishgan. Va faqat 7% erkaklar bu sababni keltirdilar.

COVID-19 pandemiyasi ayollar bandligi yuqori bo‘lgan tarmoqlarga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Ular asosan inqiroz sezilarli ta’sir ko‘rsatgan iqtisodiyotning norasmiy sektorida, mavsumiy va yarim kunlik ishlarda mehnat qilishadi. Ayollar oziq-ovqat va mehmondo‘stlik sanoatida (52%), chakana savdo (51%), shuningdek, san’at, ko‘ngil ochar va dam olish (45%) sohalarida keng ishtirok etadilar. Pandemiya boshlanganidan buyon ushbu sohalarda ish joylarining qisqartirilishi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlar qayd etildi.

Shunday qilib, O‘zbekistondagi eng katta vakansiya resursi bo‘lgan Olx.uz ma’lumotlarining tahlili shuni ko‘rsatadiki, aprel oyida bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha yangi e’lonlar kamayganidan so‘ng, ularning soni 2020 yil oxiriga kelib avvalgi darajaga qaytmadi. Apreldan dekabrgacha bo‘lgan davrda bo‘sh ish o‘rinlari hajmi o‘tgan yilga nisbatan eng kam pasaygan tarmoqlar quyidagilar: turizm (-51%); go‘zallik, fitness va sport (-43%); kotibiyat va ma’muriyat-xo‘jalik faoliyati (-36%); madaniyat va san’at (-30%); barlarda va restoranlarda ishlash (-17%). Ushbu sohalar an’anaviy ravishda ayollar uchun ish o‘rinlari yaratadi.


Pandemiya davrida ish joylarini yo‘qotish va chet eldan pul o‘tkazmalaridan tushadigan daromadlarning kamayishi ayollar va erkaklar boshchiligidagi uy xo‘jaliklarida bir xil darajada kuzatildi. Ammo, katta ehtimol bilan, ushbu inqiroz, o‘rtacha olganda iqtisodiy farovonligini qo‘llab-quvvatlash manbalari kam bo‘lgan ayollar boshchiligidagi oilalarga katta zarar yetkazdi. Pandemiyadan oldin ham, ayollar boshchiligidagi oilalarning o‘rtacha oylik daromadi erkaklar boshchiligidagi oilalarga qaraganda 17% kam edi.

Ayollar boshchiligidagi uy xo‘jaliklari rejalashtirilmagan xarajatlar qila olishining ehtimoli kam, ko‘proq hollarda asosiy ehtiyojlarini (oziq-ovqat, transport xarajatlari, dori-darmon va hokazolarni) qoplash uchun qarz olishadi va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni to‘lay olmaydilar. 2020 yil dekabr oyida ayollar boshchiligidagi oilalarning 42 foizi 100 ming so‘m miqdoridagi kutilmagan xarajatlarni qoplay olmasligini bildirishgan. Shunday javob bergan erkaklar boshchiligidagi uy xo‘jaliklarining ulushi 25% ni tashkil etdi.

Pandemiya boshlanishidan oldin, ayollar boshchiligidagi oilalar muntazam ravishda tez-tez oziq-ovqat tanqisligi bo‘lib turishi haqida xabar berishgan. 2020 yil aprel va dekabr oylari orasida bu tafovut yanada oshdi. Masalan, ayollar boshchiligidagi uy xo‘jaliklarining 17 foizi oziq-ovqat tanqisligi haqida xabar berishdi, erkaklar boshchiligidagi oilalarning esa 10 foizi bundan shikoyat qilishgan.

2020 yilda, shuningdek, O‘zbekistonda oiladagi zo‘ravonlik holatlari ko‘paygan. Pandemiya tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy qiyinchiliklar bilan bir qatorda, ayollar va qizlarga nisbatan jismoniy, psixologik, iqtisodiy va jinsiy zo‘ravonlik holatlari ham ko‘paygan.

Mamlakatdagi ushbu turdagi huquqbuzarliklar bo‘yicha rasmiy statistik ma’lumotlar hali ham mavjud emas. Biroq, Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yil yanvar-dekabr oylari orasida genderga asoslangan zo‘ravonlik qurbonlarining xavfsizligi va manfaatlarini ta’minlash uchun 14,800ga yaqin himoya orderi berilgan. Ayollar o‘z oilalarida zo‘ravonlikka ko‘proq duch kelishadi. 2020 yilda 13230 holatning 82%da zo‘ravonlik qilganlar ularning erlari bo‘lgan.

Iqtisodiy va oilaviy muammolar ayollar salomatligining yomonlashishiga olib keldi. 2020 yil iyuldan dekabrgacha respondent-ayollarning 47% o‘zlarining ruhiy salomatligini «qoniqarli» yoki «yomon» («yaxshi», «juda yaxshi» yoki «a’lo» dan farqli o‘laroq) deb baholadilar. Bunday javoblar avgust oyida eng ko‘p uchradi, o‘shanda ayollarning 55% o‘zlarining ruhiy holatini «qoniqarli» yoki «yomon» deb ta’riflash mumkinligini aytishgan.

O‘zbekiston aholisining yarmi yoki 17 milliondan ortig‘i ayollar va qizlardir. Ushbu ko‘rsatkichni Gollandiya yoki Ekvador kabi mamlakatlar aholisi bilan taqqoslash mumkin. Ayollar pandemiyadan keyin mamlakat iqtisodiyotini tiklashga ulkan hissa qo‘shishi mumkin. Buning uchun xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va ijtimoiy-siyosiy hayotda ishtirok etishidagi mavjud to‘siqlarni olib tashlash kerak.

Ushbu maqsadga erishish uchun O‘zbekiston hukumati izchil siyosat olib bormoqda. Shu maqsadda, fevral oyida ayollar o‘rtasida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha bir qator qo‘shimcha chora-tadbirlar e’lon qilindi. Bularga ayollar o‘rtasida bandlik va tadbirkorlikni oshirish, ijtimoiy yordam va sog‘liqni saqlash, kasb-hunarga qayta tayyorlash va oliy ma’lumot olish imkoniyatlarini kengaytirish, uy-joy sharoitlarini va ularning farzandlariga maktabgacha ta’lim sohasida xizmat ko‘rsatishni yaxshilash kabi rejalar kiradi.

Sanab o‘tilgan chora-tadbirlar umid bag‘ishlaydi, ammo ularning muvaffaqiyati tamomila ayollarning huquqlari va manfaatlari yo‘lidagi to‘siqlarni samarali bartaraf etishga qaratilgan hukumat va hududlardagi hokimiyatlar darajasidagi tizimli ishlarga bog‘liq bo‘ladi.

Bunday ishlarga, shu jumladan, ayollarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlari va loyihalari, tanlov mezonlari, ularda ishtirok etish imkoniyatlari va boshqalar to‘g‘risida ma’lumot berish bo‘yicha keng kampaniya kiritilishi mumkin.

O‘zbekiston 1991 yilda mustaqillikka erishganidan beri eng og‘ir iqtisodiy inqirozni boshdan kechirmoqda. Ayollar va erkaklar orasidagi tenglik pandemiya tugaganidan keyin iqtisodiyotni tezlik bilan tiklash hamda kuchli va farovon jamiyat qurish uchun asosiy omil sifatida qaralishi kerak. Mamlakatning barcha fuqarolari uchun, ularning jinsidan qat’i nazar, teng sharoit va imkoniyatlar yaratish zarur.

Mualliflar haqida

Odri Saks — Jahon bankining ijtimoiy rivojlanish masalalari bo‘yicha katta mutaxassisi

Uilyam Zeyts — Jahon bankining Markaziy Osiyodagi kambag‘allik va tenglik masalalari bo‘yicha dasturlari rahbari