3 mart kuni kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi tarkibida tashkil etilgan maxsus tarkibiy tuzilma — Situatsion markazning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati. Ushbu boshqarma o‘tgan yilning yozida prezident farmoni bilan tashkil etilgan edi.

Birinchi shunday Situatsion markaz Yaponiya hukumati ko‘magida BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) ning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Bu o‘z navbatida, chegara bojxona postlari va ularga tutash hududlardagi infratuzilma ob’ektlarini rivojlantirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va nazorat texnik vositalari bilan yetarli miqdorda jihozlash, tirbandliklarni kelib chiqishini oldini olish maqsadida tashkil etilgan.

Foto: UNODC

Ta’kidlanishicha, ushbu markaz chegara-bojxona postlari avto va temir yo‘l transport vositalarini skaner qiluvchi yuqori gabaritli inspeksion-ko‘rik majmualari, inson tana a’zolarini skanerlovchi «Bodi skan» moslamalari, zamonaviy rentgen uskunalari, kontrabanda ashyolari hamda qalbaki xorijiy valyutalarni aniqlovchi turli vosita va detektorlar, radiatsion portal monitorlar va peydjerlar, tezkor-qidiruv faoliyati maxsus texnik anjomlari bilan ta’minlash imkonini beradi.

Kelajakda mazkur markaz bojxona organlari huquqni muhofaza qilish yo‘nalishini raqamli texnologiyalarni qo‘llagan holda yangi zamonaviy bosqichga olib chiqadi va transchegaraviy jinoyatlarga, ayniqsa, narkotiklarning kontrabandasiga samarali to‘siq bo‘lishi kutilmoqda.

Markaz milliy, ham mintaqaviy, ham xalqaro darajadagi turli xil huquqni muhofaza qilish idoralari hamkorligidagi operatsiyalarni tezkor muvofiqlashtirish markazi vazifasini bajaradi, deyiladi xabarda.

Markaz qiymati 500 ming AQSH dollarilik uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, ular tarkibiga kompyuterlar, multimedia va ofis uskunalari, maxsus mebellar, uzluksiz quvvat manbalari, konditsionerlar, tarmoq tizimlari, ma’lumotlarni saqlash va kirishni boshqarish tizimlari va boshqalar kiradi.