Toshkent shahrida o‘tgan yil davomida 492,8 mlrd. so‘m mablag‘ evaziga jami uzunligi 111,6 km bo‘lgan 318 ta ko‘chalarda qurilish, mukammal va joriy ta’mirlash ishlari olib borildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi ma’lum qildi.

Xususan, Yunusobod tumanidagi Ahmad Donish ko‘chasining Amir Temur ko‘chasidan Toshkent Xalqa avtomobil yo‘ligacha bo‘lgan 2,2 km qismini qayta qurish ishlari yakunlanlangan.

Shuningdek, 2020 yil davomida Farg‘ona yo‘li ko‘chasi bo‘yicha yo‘l asosini tayyorlash ishlari — 93%, irrigatsiya tarmoqlarini qurish ishlari — 92%, piyodalar va velosiped yo‘llarini qurish ishlari — 95%, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari — 92%, chorrahalarda svetafor o‘rnatish ishlari — 95% bajarilgan.

Yakkasaroy va Sergeli tumanlarini bog‘lovchi yo‘l o‘tkazgich bo‘yicha hozirda Cho‘ponota ko‘chasi, Kichik xalqa yo‘li, Toshkent xalqa yo‘li va Qipchoq ko‘chalari oralig‘ida 3 ta yo‘l o‘tkazgich va avtomobil yo‘lini qurish ishlari olib borilmoqda. Bugungi kun holatiga ko‘ra, qurilish hududida joylashgan va ko‘chirilishi talab etiladigan elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi va oqova suv, tashqi muhandislik tarmoqlarini qurish ishlari xamda 6 tasmali 3 ta yo‘l o‘tkazgich va avtomobil yo‘lini qurish ishlari bajarilmoqda. Ob’ektga 550 dan ortiq ishchi va mutaxassislar hamda 150 dan ortiq qurilish texnikasi jalb qilingan.

Shuningdek, 2020 yilda Toshkent shahridagi 277 ta ko‘chalarda 65,5 km (774,8 ming kv.m) yo‘llar asfalt qoplamasi bilan ta’mirlandi. Shundan, 37,8 km (351,8 ming kv.m) markaziy ko‘chalar joriy va 27,7 km (423,0 ming kv.m) mahalla ichki yo‘llari ta’mirlangan.